Tog‘-kon sanoati va geologiya sohasini nazorat qilish inspeksiyasi murojaatlar yuzasidan onlayn muloqot o‘tkazadi
2026-05-21 09:50:00 / Yangiliklar

Mazkur onlayn muloqot video-konferensaloqa vositasi orqali savol-javob shaklida o‘tkazilishi rejalashtirilgan. Bu format aholi va tadbirkorlarga o‘zlarini qiynayotgan masalalar, sohadagi muammolar yoki qonunbuzarlik holatlari bo‘yicha to‘g‘ridan-to‘g‘ri inspeksiya mutasaddilariga murojaat qilish imkoniyatini beradi.
Tadbirda Inspeksiya rahbariyati va soha mutaxassislari ishtirok etib, murojaatlarning ijro holati, tizimda qonuniylikni ta’minlash borasida amalga oshirilayotgan ishlar yuzasidan ma’lumot beradi. Muloqot davomida Zoom platformasidan foydalaniladi (Identifikator: 839 5276 4026, kirish kodi: 8sGymr), bu esa respublikaning istalgan nuqtasidan ulanish imkonini yaratadi.
Ushbu jarayon davlat organlarining xalq bilan muloqotini yangi bosqichga olib chiqish, tizimda shaffoflikni ta’minlash va byurokratik to‘siqlarni bartaraf etishga xizmat qiladi. Murojaatlarning ochiq muhokama qilinishi nazorat tizimining samaradorligini oshiradi.
Bunday muloqotlar natijasida sohadagi haqiqiy holat yuzasidan ob’ektiv ma’lumotlar shakllanadi va aniqlangan tizimli kamchiliklarni bartaraf etish bo‘ycha tezkor choralar ko‘riladi. Qonuniylikning ta’minlanishi esa tog‘-kon sanoatida xavfsiz mehnat sharoitlarini yaratish va iqtisodiy barqarorlikni mustahkamlashning asosiy garovidir.
