Tog‘-kon va geologiya nazorati to‘liq raqamlashtiriladi: UZINFOCOM bilan strategik hamkorlik boshlandi
2026-05-01 16:25:00 / Yangiliklar

Uchrashuvda Inspeksiya boshlig‘i J. Adilov va “UZINFOCOM” MCHJ sanoatni raqamlashtirish bo'yicha direktori U. Tagaliyev ishtirok etib, sohani raqamlashtirishning ustuvor yo‘nalishlarini belgilab oldilar. Asosiy e’tibor nazorat tadbirlarini avtomatlashtirish, inson omilini kamaytirish va ma’lumotlar shaffofligini ta’minlashga qaratilgan.
Hamkorlik doirasida geologiya sohasida nazorat tadbirlarini amalga oshirishga mo‘ljallangan maxsus axborot va sun’iy intellekt tizimlari ishlab chiqiladi. Tomonlar amaldagi jarayonlarni (AS-IS) to‘liq tahlil qilib, xalqaro tajriba asosida yangi modelni (TO-BE) hayotga tatbiq etishadi. Bu jarayonda Inspeksiya tomonidan ko‘rsatiladigan xizmatlar bosqichma-bosqich elektron shaklga o‘tkaziladi.
Shuningdek, tizimlarning kiberxavfsizligini ta’minlash va sohaga xalqaro ekspertlarni jalb qilgan holda mutaxassislarning malakasini oshirish bo‘yicha qo‘shma loyihalar amalga oshiriladi. Kelishuvga ko‘ra, tomonlar o‘z infratuzilmalaridan birgalikda foydalangan holda yangi dasturiy mahsulotlar va mobil ilovalarni yaratishadi.
Ushbu hamkorlik geologiya sohasida davlat nazoratining samaradorligini sifat jihatidan yangi bosqichga olib chiqadi. Sun’iy intellekt texnologiyalarining joriy etilishi resurslardan oqilona foydalanishni nazorat qilish va noqonuniy holatlarning oldini olishda muhim omil bo‘lib xizmat qiladi. Raqamlashtirish orqali erishiladigan shaffoflik sohadagi iqtisodiy yo‘qotishlarni kamaytirish va qonuniylikni mustahkamlashga zamin yaratadi.



