Konimex tuman hokimi Ruslan Ro'ziyevning tumanimiz bitiruvchi yoshlariga yo'llagan BAYRAM TABRIGI
2025-05-25 09:25:00 / Rahbariyatning bayonotlari va nutqlari

Assalomu alaykum,
hurmatli o‘qituvchi va murabbiylar, ota-onalar!
qadrli bitiruvchi yoshlar!
Sizlarni maktab ta’limini muvaffaqiyatli tugatib, mustaqil hayotga – umringizning yanada go‘zal va mas’uliyatli bosqichiga qadam qo‘yayotganingiz bilan chin qalbimdan samimiy tabriklayman!
Mana, bugun yurtimizdagi barcha umumiy o‘rta ta’lim maktablarida 2024-2025-o‘quv yili ham nihoyasiga yetib, yana bir yilga ulg‘aydingiz. Kechagina jajji qadamlari bilan otasi yoki onasi hamrohligida maktab ostonasiga kirib kelgan bolajonlarimiz, bugun shaxdam qadam tashlaydigan, o‘z oldiga maqsad qo‘ygan o‘quvchiga aylandi.
Bugun quvonchli ayyom – tumanimizdagi barcha maktablarda “so‘nggi qo‘ng‘iroq” jaranglab, 307 nafar o‘quvchi yoshlarimiz yetuklik shahodatnomalarini qo‘lga olmoqda. O‘quv yili yakunida 50 nafardan ziyod bitiruvchilar Milliy va Xalqaro til bilish sertifikatlariga ega bo‘lmoqda.
Qadrli o‘qituvchi va murabbiylar, ota-onalar!
O‘tgan o‘quv yili davomida qiyin va mas’uliyatli ishni amalga oshirdingiz — farzandlarimizga bilim berdingiz hamda ularni tarbiyaladingiz. Ayni damda o‘quvchilarimizning oldida yakuniy imtihonlar va oliy o‘quv yurtiga kirish imtihonlari turibdi, hech shubhasiz, ularning yutuqlarida sizlarning ham katta hissangiz bor.
Aziz bitiruvchilar!
Bugun sizlarning hayotingizda eng quvonchli kun. 11 yil mobaynida bir partada yonma-yon o‘tirgan, bir oila a’zolaridek bo‘lib qolgan sinfdoshlarning har biri ertadan boshlab o‘zining shaxsiy hayotini qurishga kirishadi. Kimdir tahsilni oliy o‘quv yurtida davom ettirsa, yana kimdir halol mehnati bilan oilasiga qanot bo‘ladi. Qayerda bo‘lmang, maktab partasida olgan bilimlaringiz sizga qo‘l kelishiga, kelgusida ularni yanada mustahkamlab borishingizga umid qilaman. Vatanimiz rivoji uchun o‘z hissangizni qo‘shishingizga aminman. Eng asosiysi, vaqtingizni behuda o‘tkazmang! Vaqt — hayotingizdagi eng qimmatbaho resurs hisoblanadi. Vaqtingizni doim o‘zingiz, oilangiz va jamiyatga foyda keltirish uchun sarf qiling hamda mamlakatimiz nufuzini oshirishga o‘z hissangizni qo‘shing! Aminman, sizlar ana shunday imkoniyatlar asosida yetuk mutaxassislar bo‘lib, kelgusida yurtimizdagi zamonaviy klasterlar, fermer xo‘jaliklari, ishlab chiqarish korxonalari, kompaniyalar, davlat va nodavlat tashkilotlar, madaniy va ijodiy jamoalarda ish boshlaysiz va Vatanimiz ravnaqi, xalqimiz farovonligini oshirishga albatta munosib hissa qo‘shasiz.
Barchangizga sihat-salomatlik, ish va o‘qishlaringizda kattadan-katta muvaffaqiyatlar yor bo‘lishini tilayman!
Yorqin va beg‘ubor niyatlar ostonasida barchangizni oldinda kutib turgan kamolot ufqlari bilan yana bir bor qutlab, katta hayot sari oq yo‘l, uzoq umr tilayman. Mustaqil hayot sari tashlayotgan dadil qadamingiz qutlug‘ va muborak bo‘lsin!
