Navoiy viloyatining Konimex tumanini “korrupsiyadan xoli hudud” aylantirish dasturi ijrosi o‘rganildi
2026-04-17 10:50:00 / Yangiliklar

Korrupsiyaga qarshi kurashish agentligi direktorining o‘rinbosari Umed Mavlyanov rahbarligidagi ishchi guruh tomonidan Konimex tumanini “korrupsiyadan xoli hudud”ga aylantirish bo‘yicha Dastur ijrosi o‘rganildi.
O‘rganishlar natijasiga ko‘ra, bugungi kunga qadar Dastur doirasida tumandagi davlat organlari va tashkilotlarining 81 nafar boshqaruv xodimi korrupsiyaga qarshi kurashish yo‘nalishida o‘qitilgan.
Shuningdek, tumandagi umumtaʼlim maktablari hamda maktabgacha taʼlim tashkilotlarida 5 yildan ortiq faoliyat yuritgan rahbarlar rotatsiya qilingan.
Tuman tibbiyot birlashmasida vakant lavozimlarni maxsus platforma (vacancy.argos.uz) orqali eʼlon qilish va ochiq tanlov asosida ishga qabul qilish tizimi joriy etilgan.
Ishchi guruh o‘rganishlar davomida tumandagi davlat maktabgacha taʼlim tashkilotlarida autsorserlar tomonidan yetkazib berilayotgan oziq-ovqat mahsulotlarining belgilangan talablarga muvofiqligi ustidan nazorat o‘rnatish, shuningdek, korrupsiyaga nisbatan murosasizlikni shakllantirish borasida olib masalalariga alohida eʼtibor qaratdi.
Shu bilan birga, tumandagi dehqon bozorida raqamlashtirish ishlarining holati hamda sog‘liqni saqlash muassasalarida korrupsiyaning oldini olishga qaratilgan amaliy choralar bilan tanishildi.
Dastur ijrosi Xalq deputatlari viloyat Kengashi hamda masʼul rahbarlar ishtirokida muhokama qilinib, Dasturda belgilangan tadbirlar samaradorligi va taʼsirchanligini oshirish, vazifa va maqsadlarni o'z vaqtida amalga oshirish yuzasidan tegishli tavsiyalar berildi.
Shuningdek, tadbirlar doirasida Xalq deputatlari viloyat Kengashining sessiyalarini 2025-yil davomida jonli efirda namunali tarzda tashkil etgani eʼtirof etilib, Kengashga Agentlik direktorining tashakkurnomasi topshirildi.
———
Korrupsiyaga duch kelsangiz Agentlikning “Call-markazi” – 1253 orqali murojaat qilishingizni so‘raymiz.
