«Yurt kelajagi siz kabi millionlab yoshlarga bog‘liq» — Prezident maktubi Inspeksiyada muhokama qilindi
2026-11-24 12:25:00 / Yangiliklar

O‘zbekiston Respublikasi Tog‘-kon sanoati va geologiya sohasini nazorat qilish inspeksiyasida Prezident Shavkat Mirziyoyevning nabirasi Shavkatbekka yo‘llagan maktubi Inspeksiya boshlig‘i va xodimlar ishtirokida o‘qib eshittirildi hamda muhokama qilindi.
Iordaniyaga amalga oshirilgan safar chog‘ida yozilgan maktub yosh avlod tarbiyasi, ilm-ma’rifat, Vatanga muhabbat, milliy qadriyatlar, mehnatsevarlik va insoniy fazilatlar haqidagi samimiy mulohazalarni qamrab olgan.
«Yurt kelajagi sen kabi millionlab yoshlarga bog‘liq ekanini aslo unutma! Ilm-ma’rifat o‘rganishga sidqidildan harakat qil! Chunki bilim va tafakkur bitmas-tuganmas boylikdir», — deb yozadi Prezident maktubida.
Davlat rahbari nabirasining «Nega Siz doim uzoq safarlarga ketasiz?» degan savoliga javob berar ekan, zimmasidagi mas’uliyat nafaqat o‘z oilasi, balki millionlab O‘zbekiston farzandlarining kelajagi haqida qayg‘urishni ham talab etishini ta’kidlaydi. Xalq farovonligi va mamlakat taraqqiyoti yo‘lida xizmat qilishni hayotining asosiy mazmuni sifatida ta’riflaydi.
Maktubda Prezident o‘z bolaligidagi og‘ir mehnat yillarini eslab, bolalarni paxta dalalaridan maktabga qaytarish, zamonaviy bog‘cha va maktablar qurish, sifatli darsliklar yaratish hamda bilimli o‘qituvchilar tayyorlash borasidagi ishlarni qayd etadi.
Shuningdek, yoshlarni Imom Buxoriy, Abu Rayhon Beruniy, Abu Ali ibn Sino, Mirzo Ulug‘bek, Alisher Navoiy va Mahmudxo‘ja Behbudiy kabi buyuk ajdodlar merosini o‘rganishga, bilim olishga va xorijiy tillarni egallashga chorlaydi. Zamonaviy gadjetlar va sun’iy intellektdan unumli foydalanish, ammo ularga qaram bo‘lib qolmaslik kerakligini uqtiradi.
«Har bir daqiqani g‘animat bil!» degan nasihat orqali vaqtning qadriga yetish, intizomli bo‘lish, boshlangan ishni oxiriga yetkazish va qiyinchiliklar oldida taslim bo‘lmaslik zarurligiga e’tibor qaratadi.
Inspeksiyada o‘tkazilgan muhokamada maktubda ilgari surilgan g‘oyalarning tarbiyaviy ahamiyati, yosh avlodning bilimli va vatanparvar bo‘lib voyaga yetishida ta’lim-tarbiya bilan birga oilaviy va jamoaviy muhitning o‘rni haqida fikr almashildi.
Maktub mazmuni davlat tashkilotlari xodimlari uchun ham muhim hayotiy xulosalarni o‘z ichiga oladi. Zero, xalq manfaatlariga xizmat qilish, halollik, mas’uliyat va intizom nafaqat yosh avlod tarbiyasida, balki har bir sohadagi kundalik faoliyatda ham asosiy mezon bo‘lishi kerak.








