Tog‘-kon sanoati va geologiya vazirligida gender tenglik masalalari bo‘yicha tarmoq kengashi majlisi o‘tkazildi
2026-10-28 15:50:00 / Yangiliklar

O‘zbekiston Respublikasi Tog‘-kon sanoati va geologiya vazirligi tizimida Gender tenglik masalalari bo‘yicha tarmoq kengashining navbatdagi majlisi bo‘lib o‘tdi.
Yig‘ilish O‘zbekiston Respublikasining “Xotin-qizlar va erkaklar uchun teng huquq hamda imkoniyatlar kafolatlari to‘g‘risida”gi Qonuni ijrosini ta’minlash, amalga oshirilgan ishlarni sarhisob qilish, mavjud muammolarni o‘rganish va kelgusidagi ustuvor vazifalarni belgilashga bag‘ishlandi.
Tadbirda tog‘-kon sanoati va geologiya vazirining birinchi o‘rinbosari Feruza Xamidova, KfW IPEX-Bank GmbH direktori, Sharqiy Yevropa, Markaziy Osiyo va Janubiy Kavkaz mintaqasi rahbari Yekaterina Galitsina, O‘zbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Qonunchilik palatasi deputati Qizilgul Qosimova, vazirlik hamda tizim tashkilotlari mas’ullari ishtirok etdi.
Majlis davomida tog‘-kon sanoati va geologiya sohasida xotin-qizlarning ijtimoiy-siyosiy faolligini oshirish, kasbiy rivojlanishini qo‘llab-quvvatlash va ularni rahbarlik lavozimlariga tayyorlash bo‘yicha amalga oshirilayotgan ishlar muhokama qilindi.
Shuningdek, vazirlik va tizim tashkilotlarida teng huquq hamda imkoniyatlarni ta’minlashga qaratilgan yangi takliflar, tashabbuslar va loyihalar ko‘rib chiqildi.
Yig‘ilishda xotin-qizlar va erkaklar uchun teng huquq hamda imkoniyatlarni ta’minlash bo‘yicha Tarmoq maslahat kengashi tashkil etilgani va uning Nizomi tasdiqlangani ma’lum qilindi.
Kengash tarkibida Yevropa davlatlari bilan hamkorlikni rivojlantirish maqsadida “Uzbekistan-Europe Women Leaders Network” hamjamiyati ham tuzildi. Bu tashabbus ayollarning yetakchilik salohiyatini rivojlantirish va xalqaro tajriba almashinuvini kengaytirishga qaratilgan.
Majlis doirasida 25-noyabr — Xotin-qizlarga nisbatan zo‘ravonlikka barham berish xalqaro kuni munosabati bilan “Zo‘ravonlikka qarshi 16 kun faollik” tashabbusi mavzusida davra suhbati ham o‘tkazildi.
Tarmoq maslahat kengashining tashkil etilishi gender tenglik masalalarini tizimli muhokama qilish va tegishli tashabbuslarni muvofiqlashtirish uchun tashkiliy asos yaratadi.
Mehnat munosabatlarida teng imkoniyatlar va qonuniylikni ta’minlash xodimlarning kasbiy salohiyatidan samarali foydalanish, kamsitish xavfini kamaytirish hamda tashkilotlarda sog‘lom ish muhitini shakllantirishga xizmat qiladi. Bu esa ishlab chiqarish samaradorligi va barqaror boshqaruv uchun ham ahamiyatlidir.









