Toshkentda UIMF 2026 xalqaro tog‘-metallurgiya forumi bo‘lib o‘tdi
2026-10-28 14:20:00 / Yangiliklar

Toshkent shahridagi “O‘zekspomarkaz” Milliy ko‘rgazmalar kompleksida 27–28-oktabr kunlari 8-O‘zbekiston xalqaro tog‘-metallurgiya forumi — UIMF 2026 tashkil etildi. “Resurslardan global imkoniyatlarga” shiori ostida o‘tkazilgan tadbirda davlat idoralari, tog‘-metallurgiya korxonalari, xalqaro kompaniyalar, investorlar va soha ekspertlari ishtirok etdi.
Forumda mineral-xomashyo bazasini rivojlantirish, investitsiyalarni jalb etish, zamonaviy texnologiyalarni joriy qilish va foydali qazilmalarni chuqur qayta ishlash masalalari muhokama qilindi.
Tadbirni O‘zbekiston Respublikasi tog‘-kon sanoati va geologiya vazirining birinchi o‘rinbosari Feruza Xamidova ochib berdi. Uchrashuvlar sanoatni modernizatsiya qilish va xalqaro hamkorlikni kengaytirishga qaratildi.
“Markaziy Osiyoning yangi resurs arxitekturasi” mavzusidagi birinchi yalpi sessiyada tog‘-kon sanoati va geologiya vaziri o‘rinbosari Ural Yusupov qatnashdi.
Sessiyada mintaqada barqaror sanoat iqtisodiyotini shakllantirish, resurs xavfsizligini ta’minlash, yuqori texnologiyali ishlab chiqarishlarni rivojlantirish va mahsulotlarning xalqaro bozorlardagi raqobatbardoshligini oshirish masalalari ko‘rib chiqildi.
Forum dasturida kritik minerallar, tog‘-kon sanoatini raqamlashtirish, intellektual geologik qidiruv, investitsiya mexanizmlari, energiya samaradorligi hamda ekologik standartlarga bag‘ishlangan sessiyalar ham o‘rin oldi.
Forum bilan bir vaqtda 20-yubiley xalqaro MiningMetals Uzbekistan 2026 ko‘rgazmasi tashkil etildi. 27–29-oktabr kunlariga mo‘ljallangan ko‘rgazmada dastlabki ma’lumotlarga ko‘ra, 15 ta davlatdan 150 dan ortiq kompaniya va tashkilot vakillarining ishtiroki kutilgan.
Germaniya, Xitoy, Turkiya va O‘zbekiston kompaniyalari qazib olish, qayta ishlash, metallurgiya va mashinasozlik yo‘nalishlaridagi texnologiyalar hamda uskunalarni namoyish etdi.
Bunday xalqaro muloqot sanoat korxonalarida xavfsiz ishlab chiqarish, ekologik talablarga rioya qilish va zamonaviy nazorat texnologiyalaridan foydalanish masalalariga ham e’tiborni kuchaytiradi.
Tog‘-kon sanoatida texnologik yangilanish bilan birga qonunchilik talablariga rioya etilishi ishlab chiqarish xavflarini kamaytirish, resurslardan oqilona foydalanish va investitsiyalar uchun barqaror muhit yaratishda muhim ahamiyatga ega.









