Toshkent viloyatida “MinGeoMod 2026” xalqaro geologiya olimpiadasi boshlandi
2026-09-29 09:55:00 / Yangiliklar

Toshkent viloyatining Bo‘stonliq tumanida joylashgan “Geolog” oromgohida kon-geologiya sohasida modellashtirish bo‘yicha “MinGeoMod 2026” xalqaro olimpiadasiga start berildi. Xalqaro miqyosdagi ushbu nufuzli tadbir Tog‘-kon sanoati va geologiya vazirligi, Oliy ta’lim, fan va innovatsiyalar vazirligi hamda “Micromine Australia” kompaniyasining O‘zbekistondagi vakolatxonasi hamkorligida tashkil etildi.
Olimpiadada yosh munosib kadrlar va talabalar ikki kun davomida o‘zlarining nazariy hamda amaliy bilimlarini sinovdan o‘tkazadi. Dastlabki bosqichda ishtirokchilar nazariy test topshiriqlarini bajarib, geologiya-qidiruv ma’lumotlarini tahlil qilish, zamonaviy geologik, karkasli va blokli modellarni tuzish mahoratini namoyish etadilar. Shuningdek, ular blokli modelda oltin miqdorini aniq va to‘g‘ri baholash bo‘yicha amaliy vazifalarni hal etadi.
Musobaqaning yakuniy va eng mas’uliyatli bosqichida mutaxassislar kompleks loyihalar ustida ish olib borib, o‘zlari yaratgan raqamli modellarni hakamlar hay’ati oldida himoya qiladi. Yakunda eng yuqori natija ko‘rsatgan g‘olib va sovrindorlar munosib taqdirlanadi.
Ushbu xalqaro olimpiada kon-geologiya sohasiga zamonaviy raqamli texnologiyalar va ilg‘or xalqaro standartlarni keng joriy etishga xizmat qiladi. Yosh mutaxassislarning amaliy ko‘nikmalarini oshirish hamda xalqaro tajriba almashishni yo‘lga qo‘yish yer osti boyliklarini geologik o‘rganish samaradorligini keskin oshiradi. Yakuniy bosqichda aniq raqamli modellashtirish usullarini qo‘llash kon-geologiya sohasida resurslarni to‘g‘ri baholash, xatarlarni kamaytirish va davlat nazoratining shaffofligini ta’minlashda muhim o‘rin tutadi.






