“O‘zbekko‘mir” AJ jurnalist va blogerlarni Angren ko‘mir konidagi ish jarayonlari bilan tanishtirdi
2026-09-28 11:05:00 / Yangiliklar

“O‘zbekko‘mir” AJ tomonidan jurnalist va blogerlar uchun “Angren ko‘mir koni” filialiga press-tur tashkil etildi. Unda ko‘mir sanoatida bozor mexanizmlarini joriy etish doirasidagi yangi tartib, aholi ehtiyojlari uchun ko‘mir yetkazib berish tizimi, Jamiyatning ishlab chiqarish salohiyati va 2026-yildagi rejalar ijrosi haqida ma’lumot berildi.
Press-tur “Angren ko‘mir koni” filialining Markaziy dispetcherlik markazida o‘tkazilgan matbuot anjumani bilan boshlandi. Unda “O‘zbekko‘mir” AJ bosh direktorining birinchi o‘rinbosari E. Yakubov sohada amalga oshirilayotgan o‘zgarishlar va Jamiyat oldidagi vazifalar haqida so‘z yuritdi.
Ta’kidlanganidek, ko‘mir sanoatida bozor mexanizmlarini joriy etish bo‘yicha yangi tartib O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 2026-yil 30-iyuldagi 418-son qarori asosida amalga oshirilmoqda. Tizim aholi uchun ajratiladigan ko‘mirni hududlar kesimida taqsimlash, mahsulotni birja savdolariga chiqarish, xususiy tadbirkorlar orqali yetkazib berish hamda sotuv jarayonlarini raqamli platforma orqali ochiq tashkil etishni nazarda tutadi.
2026-yilda aholi ehtiyojlari uchun 1 million 530 ming tonna mahalliy ko‘mir yetkazib berish rejalashtirilgan. Hozir Andijon, Farg‘ona va Namangan viloyatlari aholisi uchun birja savdolariga chiqarilgan ko‘mirning dastlabki partiyalari xususiy tadbirkorlar tomonidan xarid qilingan. Shartnomalarni rasmiylashtirish va mahsulotni hududlarga yetkazib berish davom etmoqda.
Jamiyat 2026-yilda 5,8 million tonna ko‘mir qazib olishni rejalashtirgan. Dastlabki sakkiz oyda 3,7 million tonna ko‘mir qazib olinib, iste’molchilarga shuncha miqdorda mahsulot yetkazib berilgan. Hozir korxonalarda bir sutkada o‘rtacha 25 ming tonna qattiq yoqilg‘i qazib olinmoqda.
“O‘zbekko‘mir” AJ tizimida 8 ta filial bo‘lib, ularning 3 tasi bevosita ko‘mir qazib chiqarish bilan shug‘ullanadi. Tizimda 6 ming nafarga yaqin xodim mehnat qilmoqda. Ishlab chiqarish bilan bir qatorda ustki qatlamlarni ochish, ish jarayonlarini takomillashtirish va mahsulot sifatini yaxshilash bo‘yicha ishlar olib borilmoqda.
“Angren” ko‘mir havzasidagi kon 1948-yilda foydalanishga topshirilgan. Dastlab uning yillik quvvati 1,5 million tonna bo‘lgan. Keyingi rekonstruksiya va modernizatsiya ishlari natijasida ishlab chiqarish quvvati qariyb to‘rt baravarga oshirilgan.
Press-tur davomida OAV vakillari kon hududiga tushib, ko‘mirni qazib olish, saralash va yuklash jarayonlari, shuningdek, og‘ir kon texnikasining ishlashini bevosita kuzatdilar. Mutaxassislar bilan suhbatlarda qazib olish texnologiyalari, zamonaviy texnikadan foydalanish va ishlab chiqarish rejalari yuzasidan qo‘shimcha ma’lumotlar olindi.
Press-turda taqdim etilgan ko‘rsatkichlar “O‘zbekko‘mir” AJda ishlab chiqarish hajmlarini oshirish bilan birga ko‘mirni aholiga yetkazib berish mexanizmlarini ham yangilash jarayoni davom etayotganini ko‘rsatadi. Jarayonlarning raqamlashtirilishi va birja savdolarining joriy etilishi mahsulot harakati hamda sotuv bosqichlarida ochiqlikni oshirishga xizmat qilishi ko‘zda tutilgan.









