Inspeksiya boshlig‘i J.M. Adilovning Oliy Majlis Qo‘mitasidagi ma’ruzasi
2026-07-05 12:25:00 / Rahbariyatning bayonotlari va nutqlari
Tog‘-kon sanoati va geologiya sohasini nazorat qilish inspeksiyasi boshlig‘i J.M. Adilovning Oliy Majlis Qonunchilik palatasining Tadbirkorlik, raqobatni rivojlantirish va sanoat masalalari qo‘mitasi yig‘ilishida Inspeksiyaning 2026 yil birinchi yarim yillik faoliyati natijalari to‘g‘risidagi ma’ruzasi
Hurmatli qo‘mita raisi, hurmatli deputatlar va yig‘ilish ishtirokchilari!
Tog‘-kon sanoati va geologiya sohasini nazorat qilish inspeksiyasi tomonidan O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 2025 yil 28 fevraldagi 131-son qarori hamda O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti, Prezident Administratsiyasi va Vazirlar Mahkamasi topshiriqlaridan kelib chiqqan holda 2026 yilning birinchi yarim yilligida belgilangan vazifalar ijrosini ta’minlash bo‘yicha tizimli ishlar amalga oshirildi.
Bugungi kunda Inspeksiya tizimida 69 nafar xodim faoliyat yuritmoqda. Shundan 18 nafari markaziy apparatda, 51 nafari hududlarda yer qa’ridan oqilona foydalanish, sanoat xavfsizligini ta’minlash hamda noqonuniy faoliyat holatlarini aniqlash bo‘yicha nazorat tadbirlarini amalga oshirmoqda. Tizimda 2 ta vakant lavozim mavjud.
Inspeksiya nazoratida yer osti suvlari ob’ektlaridan tashqari qariyb 8 mingta ob’ekt mavjud bo‘lib, ularda davlat nazorati va profilaktika tadbirlari muntazam olib borilmoqda.
Hisobot davrida qonunchilik hujjatlari va topshiriqlariga muvofiq Inspeksiya zimmasiga jami 49 ta vazifa yuklatilgan. Shundan 28 tasi Prezident hujjatlari, 15 tasi Prezident Administratsiyasi rahbari hujjatlari va 6 tasi Vazirlar Mahkamasi qarorlaridan kelib chiqqan.
Belgilangan topshiriqlar ijrosini ta’minlash maqsadida har hafta va har chorakda rahbariyat ishtirokida muhokamalar tashkil etildi, “Yo‘l xaritalari” va kalendar-jadvallar asosida ishlar olib borildi. Natijada 18 ta topshiriqning ijrosi to‘liq ta’minlandi. Qolgan 31 ta topshiriq bo‘yicha amaliy ishlar davom ettirilmoqda va ularning belgilangan muddatlarda ijrosini ta’minlash choralari ko‘rilmoqda.
Mazkur vazifalar doirasida 4 ta normativ-huquqiy hujjat loyihasi ishlab chiqildi, 6 ta amaliy chora-tadbir belgilandi hamda 8 ta tashkiliy masala hal etildi.
Hisobot davrida Inspeksiyaga jismoniy va yuridik shaxslardan jami 146 ta murojaat kelib tushdi. Shundan 83 tasi Prezident virtual qabulxonasi orqali, 49 tasi elektron shaklda va 14 tasi ishonch telefoni orqali qabul qilindi.
Kelib tushgan murojaatlarning 119 tasi qanoatlantirildi, 20 tasi vakolat doirasiga kirmaganligi sababli tegishli tashkilotlarga yuborildi, 7 ta murojaat esa ko‘rib chiqish jarayonida turibdi.
Murojaatlar bilan ishlash samaradorligini oshirish maqsadida Inspeksiya rahbariyati tomonidan Andijon, Farg‘ona, Qoraqalpog‘iston Respublikasi, Toshkent, Jizzax va Qashqadaryo viloyatlari hududlarida sayyor qabullar tashkil etildi.
Hisobot davrida neft va gaz sohasida 442 ta profilaktika tadbiri hamda 64 ta kameral nazorat o‘tkazildi. Ularning natijasida sohaga oid normativ hujjatlar talablarining 985 ta talabi buzilishi aniqlandi va ularni bartaraf etish bo‘yicha tegishli ko‘rsatmalar berildi.
Shuningdek, sanoat xavfsizligi sohasiga oid 82 ta ariza va hujjat ko‘rib chiqildi. Neft va gaz quduqlarini burg‘ulash va ta’mirlashda qo‘llaniladigan 18 ta texnik qurilma sinovdan o‘tkazildi. Sohada 43 ta o‘quv-seminar tashkil qilinib, 1241 nafar xodimning bilimi sinovdan o‘tkazildi. Natijada 78 nafar xodimning bilimi qoniqarsiz deb topilib, ularni qayta tayyorlash bo‘yicha ko‘rsatmalar berildi.
Nazorat ostidagi ob’ektlarda 4 ta baxtsiz hodisa qayd etildi. Shundan 1 tasi o‘lim bilan, 3 tasi og‘ir tan jarohati bilan yakunlangan.
Konchilik va portlatish ishlarida sanoat xavfsizligi yo‘nalishida 271 ta nazorat tadbiri amalga oshirildi. Ulardan 80 tasi hukumat hujjatlari va huquqni muhofaza qiluvchi organlar topshiriqlari asosida o‘tkazildi.
Nazorat tadbirlari natijasida sanoat xavfsizligi sohasidagi normativ hujjatlar talablarining 3675 ta buzilishi aniqlandi. 331 ta yozma ko‘rsatma, 346 ta ma’lumotnoma va xulosa berildi, 12 ta xavfli ishlab chiqarish ob’ektida ishlar vaqtincha to‘xtatildi hamda 35 nafar xodimga nisbatan intizomiy chora ko‘rish yuzasidan bildirgilar kiritildi.
Shuningdek, 3326 nafar mansabdor shaxs attestatsiyadan o‘tkazildi. Ularning 670 nafari bilim darajasi talab darajasida emasligi aniqlanib, qayta tayyorlash choralari belgilandi.
2026 yilning birinchi yarim yilligida xavfli ishlab chiqarish ob’ektlarida jami 10 ta baxtsiz hodisa qayd etildi. Shundan 4 tasi og‘ir tan jarohati, 4 tasi o‘lim va 2 tasi guruhiy baxtsiz hodisa hisoblanadi.
Yer qa’ridan foydalanish sohasida noqonuniy qazish ishlariga qarshi kurashish ustuvor vazifalardan biri bo‘lib qolmoqda.
Hisobot davrida mazkur yo‘nalishda 330 ta nazorat tadbiri o‘tkazildi. Ularning 195 tasida noqonuniy qazish holatlari aniqlanib, jami 4,5 million kub metr hajmda foydali qazilma noqonuniy qazib olinganligi ma’lum bo‘ldi.
Dastlabki hisob-kitoblarga ko‘ra davlat va jamiyat manfaatlariga yetkazilgan zarar miqdori 90 milliard so‘mni tashkil etdi. Barcha materiallar huquqiy baho berish va chora ko‘rish uchun huquqni muhofaza qiluvchi organlarga taqdim etildi.
Yer osti suvlaridan foydalanish sohasida 129 ta holat o‘rganilib, ularning 73 tasida ruxsatsiz foydalanish aniqlandi. Natijada 64 ta ma’muriy bayonnoma rasmiylashtirildi va 70,4 million so‘m miqdorida jarima hisoblandi.
Oltin izlovchilar faoliyati bo‘yicha Navoiy va Samarqand viloyatlaridagi 120 ta yer qa’ridan foydalanish uchastkasida monitoring ishlari olib borildi. Nazorat tadbirlari davomida bir sub’ekt tomonidan belgilangan chegaradan tashqarida 3,5 ming kub metr hajmda noqonuniy qazish ishlari amalga oshirilganligi aniqlandi va materiallar Navoiy viloyati prokuraturasiga yuborildi.
Hisobot davrida Inspeksiya tomonidan 112 ta ma’muriy bayonnoma rasmiylashtirildi. Ular bo‘yicha 409,7 million so‘m jarima hisoblanib, shundan 145,2 million so‘mi undirildi.
Davlat xizmatlari sohasida 200 ta kon ajratmasi dalolatnomasi rasmiylashtirildi, 1025 ta kon ishlarini rivojlantirish rejasi kelishildi hamda 150 ta ruxsatnoma berildi.
“Geomonitoring” axborot tizimi orqali 2504 ta hisobot qabul qilinib, ularning 1155 tasi ijobiy ko‘rib chiqildi.
“O‘zbekkosmos” agentligi bilan hamkorlik doirasida 2025 yilda taqdim etilgan 2261 ta holatdan 1444 tasi o‘rganildi. Natijada 195 ta yuridik shaxs tomonidan 4,5 million kub metr noruda foydali qazilma noqonuniy qazib olinganligi aniqlandi.
Shuningdek, kosmik monitoring orqali aniqlangan 3713 ta holat o‘rganilib, 826 tasi tasdig‘ini topdi, 2160 tasida qazish ishlari noma’lum shaxslar tomonidan amalga oshirilganligi aniqlandi, 727 tasi esa tasdiqlanmadi.
Inspeksiyada raqamlashtirish va sun’iy intellekt texnologiyalarini joriy etish bo‘yicha ham qator ishlar amalga oshirilmoqda.
Xususan, nazorat tadbirlarida shaffoflikni ta’minlash, inson omilini qisqartirish va korrupsiya xavflarini bartaraf etish maqsadida “ER-QA’RI NAZORAT” axborot tizimi hamda “Xavfni tahlil qilish va Kongeotexnazorat” axborot tizimlari ishlab chiqilmoqda.
Hozirgi vaqtda texnik topshiriqlar tayyorlangan, zarur hujjatlar shakllantirilgan, integratsiya jarayonlari bo‘yicha ishlar olib borilmoqda va dastlabki prototiplar sinovdan o‘tkazilmoqda.
Axborot siyosati doirasida Inspeksiya faoliyati ommaviy axborot vositalari va ijtimoiy tarmoqlarda keng yoritildi. Hisobot davrida 8 ta brifing va matbuot tadbiri o‘tkazildi, 4 ta ommaviy aksiya va chellenj tashkil etildi, 6 ta negativ xabarga tezkor munosabat bildirildi. Shuningdek, 7 ta televidenie, 5 ta radio va 13 ta bosma hamda elektron nashrlarda chiqishlar tashkil etildi.
Hurmatli yig‘ilish ishtirokchilari!
2026 yil yakuniga qadar Inspeksiya oldida noqonuniy qazishlarga qarshi kurashishni kuchaytirish, yer osti suvlaridan noqonuniy foydalanish holatlarini qisqartirish, sanoat xavfsizligini yanada mustahkamlash, raqamli nazorat tizimlarini to‘liq joriy etish va davlat xizmatlarini avtomatlashtirish kabi muhim vazifalar turibdi.
Inspeksiya tomonidan mazkur vazifalarning ijrosini ta’minlash, yer qa’ridan oqilona foydalanishni nazorat qilish, sanoat xavfsizligini mustahkamlash hamda davlat va jamiyat manfaatlarini himoya qilish bo‘yicha tizimli ishlar izchil davom ettiriladi.
E’tiboringiz uchun rahmat!
