O‘zbekiston va Pokiston geologiya hamda tog‘-kon sanoatida hamkorlikni kengaytirmoqda
2026-09-07 19:40:00 / Yangiliklar

O‘zbekiston Respublikasi Tog‘-kon sanoati va geologiya vazirligida Pokiston Fan va texnologiyalar milliy universiteti (NUST) rektori doktor Muhammad Zohid Latif boshchiligidagi delegatsiya bilan rasmiy uchrashuv bo‘lib o‘tdi. Muloqotda Tog‘-kon sanoati va geologiya vaziri B.Islamov, vazirlik mutasaddilari hamda Geologiya fanlari universiteti (GFU) rahbariyati ishtirok etdi. Ushbu uchrashuv ikki mamlakat o‘rtasida sohaviy ta’lim, ilmiy-tadqiqot va kadrlar tayyorlash tizimini yangi bosqichga olib chiqishga qaratilgan.
Uchrashuv davomida Tog‘-kon sanoati va geologiya vazirligi hamda NUST o‘rtasida geologiya va tog‘-kon sanoati sohalarida o‘zaro manfaatli hamkorlikni yo‘lga qo‘yishning istiqbolli yo‘nalishlari belgilab olindi. Tomonlar mavjud imkoniyatlarni to‘liq safarbar etish va qo‘shma loyihalarni amalga oshirish masalalarini atroflicha muhokama qildilar.
Muloqotning asosiy e’tibori Geologiya fanlari universiteti va NUST o‘rtasidagi ta’limiy va ilmiy aloqalarni mustahkamlashga qaratildi. Xususan, professor-o‘qituvchilar, ilmiy tadqiqotchilar hamda mutaxassislar almashinuvini tizimli yo‘lga qo‘yish, qo‘shma ilmiy-tadqiqot ishlarini olib borish va akademik tajriba almashish bo‘yicha kelishuvlarga erishildi. Shuningdek, NUSTning GFUdagi ixtisoslashtirilgan kafedrasi faoliyatini qo‘llab-quvvatlash va uning moddiy-texnik hamda ilmiy imkoniyatlarini yanada kengaytirish choralarini ko‘rish belgilandi.
O‘zbekiston va Pokistonning yetakchi ilmiy hamda ta’lim muassasalari o‘rtasidagi bunday hamkorlik tog‘-kon va geologiya sohasida xalqaro standartlarga mos keladigan yuqori malakali kadrlarni tayyorlash imkonini beradi. Ilmiy va akademik tajriba almashinuvining yo‘lga qo‘yilishi sohaga innovatsion texnologiyalarni tatbiq etish va tog‘-kon sanoati samaradorligini oshirishga xizmat qiladi.




