Olmaliqda sanoat xavfsizligi, manfaatlar to‘qnashuvi va kiberxavfsizlik masalalari muhokama qilindi
2026-09-02 15:30:00 / Yangiliklar

Tog‘-kon sanoati va geologiya sohasi ustidan nazorat qilish inspeksiyasining Olmaliq kon-texnika inspeksiyasida sanoat xavfsizligi, korrupsiyaning oldini olish hamda kiberxavfsizlik masalariga bag‘ishlangan yig‘ilish bo‘lib o‘tdi. Markaziy apparat mas’ullari hamda inspeksiyaning 10 nafar xodimi ishtirok etgan ushbu muloqotda obyektlarda qonuniylikni ta’minlash va xavflarning oldini olish masalalari atroficha ko‘rib chiqildi.
Yig‘ilishda O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining 2026-yil 1-apreldagi PQ-120-sonli qaroriga muvofiq, «Olmaliq KMK» AJ va nazorat ostidagi barcha obyektlarda yong‘in hamda sanoat xavfsizligi qoidalariga qat’iy rioya etish lozimligi ta’kidlandi. Obyektlarda baxtsiz hodisalar hamda favqulodda holatlarning oldini olish bo‘yicha amalga oshirilgan chora-tadbirlar tahlil qilindi.
Muloqot davomida «Korrupsiyaga qarshi kurashish to‘g‘risida»gi Qonun ijrosiga to‘xtalib o‘tildi. Ayniqsa, davlat xizmatchisining shaxsiy manfaatdorligi xizmat vazifasini xolis bajarishiga ta’sir ko‘rsatishi mumkin bo‘lgan holatlarda manfaatlar to‘qnashuvini o‘z vaqtida aniqlash, ma’lum qilish va zudlik bilan bartaraf etish shartligi uqtirildi.
Shu bilan birga, zamonaviy kibertahdidlar va firibgarlik sxemalari xavfi alohida muhokama qilindi. Sohta qo‘ng‘iroqlar, rahbarlar nomidan ochilgan sun’iy akkauntlar hamda feyk havolalar orqali shaxsiy va bank ma’lumotlarini egallab olish holatlariga qarshi hushyorlikni oshirish bo‘yicha tushuntirishlar berildi. Xodimlarga SMS-kodlar va Telegram tasdiqlash kodlarini uchunchi shaxslarga berish qat’iyan man etilishi eslatildi.
Ushbu profilaktik tadbirlar davlat nazorati tizimida ochiqlik, halollik va shaffoflikni ta’minlashga xizmat qiladi. Manfaatlar to‘qnashuvining oldini olish va kiberxavfsizlikni mustahkamlash esa sanoat obyektlarining xavfsiz hamda barqaror ishlashi uchun muhim poydevor hisoblanadi.
