Noqonuniy qum-shag‘al qazib olish oqibatida 178,3 million so‘m zarar yetkazgan MChJ ta’sischisiga nisbatan sud hukmi e’lon qilindi
2026-09-02 09:50:00 / Yangiliklar

Sirdaryo viloyati Jinoyat ishlari bo‘yicha Xovos tuman sudida sudlanuvchi F.X., uning advokati J.Fayzullayev va fuqaroviy da’vogar — Tog‘-kon sanoati va geologiya sohasini nazorat qilish inspeksiyasi mutaxassisi ishtirokida ochiq sayyor sud majlisi bo‘lib o‘tdi. Sud majlisida “A” MChJ ta’sischisi F.X.ga nisbatan O‘zbekiston Respublikasi Jinoyat kodeksining 192-11-moddasi 1-qismi bilan qo‘zg‘atilgan jinoyat ishi atroflicha ko‘rib chiqildi.
Sud jarayonida aniqlanishicha, F.X. “A” MChJning 100 foiz ulushdor ta’sischisi bo‘la turib, jamiyat direktori bilan til biriktirgan holda o‘z mansab vakolatlarini suiiste’mol qilgan. Korxonaga Xovos tumani Bobur massividagi 189q-konturdan 10 gektar yer maydonida qum-shag‘al qazib olish uchun ruxsatnoma berilgan bo‘lishiga qaramay, belgilangan tartib-qoidalarga rioya etilmagan.
Sud hukmiga ko‘ra, F.X. O‘zbekiston Respublikasi JKning 192-11-moddasi 1-qismi bilan aybli deb topilib, unga bazaviy hisoblash miqdorining 100 баравари miqdorida, ya’ni 41 200 000 so‘m jarima jazosi tayinlandi. Korxona tomonidan yetkazilgan 178 300 000 so‘mlik moddiy zarar to‘liq qoplanib, ushbu mablag‘lar davlat budjetiga o‘tkazildi.
Ish hujjatlariga ko‘ra, “A” MChJ tomonidan 2019–2024-yillar davomida 516 900,0 m³ qum-shag‘al qazib olingani haqida Davlat geologiya fondiga 5-GR shaklidagi hisobotlar topshirilgan. Biroq Tog‘-kon sanoati va geologiya sohasini nazorat qilish inspeksiyasi va "O‘zbekkosmos" agentligi ma’lumotlari asosida o‘tkazilgan marksheyderlik o‘lchovlarida jamiyatga ajratilgan kon hududida 584 188,1 m³, kon ajratmasi chegarasidan tashqarida esa 5 844,8 m³ qum-shag‘al noqonuniy qazib olingani oshkor bo‘ldi.
O‘tkazilgan ekspertiza va marksheyderlik o‘lchov natijalariga ko‘ra, kon ajratmasi chegarasidan tashqarida noqonuniy ravishda 5 844,8 m³ qum-shag‘al qazib olinishi natijasida davlat va jamiyat manfaatlariga 178 300 000 so‘m miqdorida ko‘p miqdorda zarar yetkazilgan. Sud jarayonida sudlanuvchi o‘z aybiga to‘liq iqror bo‘lib, yetkazilgan zararni to‘liq qoplaganini va qilmishidan afsusdaligini bildirdi.
Sud jinoyatning xususiyati, yetkazilgan zarar to‘liq qoplanganligi, F.X.ning muqaddam sudlanmagani va qaramog‘ida uch nafar voyaga yetmagan farzandi borligini inobatga olib, unga nisbatan jarima jazosini qo‘llashni lozim topdi. Sirdaryo viloyat prokuraturasining depozit hisob raqamiga topshirilgan 178 300 000 so‘m zarar summasi Tog‘-kon sanoati va geologiya sohasini nazorat qilish inspeksiyasi orqali davlat budjetiga o‘tkazilishi belgilandi.
Ushbu sud qarori yer qa’ridan foydalanish sohasida belgilangan qonunchilik talablariga qat’iy rioya etish har bir tadbirkorlik subyekti uchun majburiy ekanligini yana bir bor isbotlaydi. Kon ajratmasi chegaralaridan chiqish va davlat resurslarini noqonuniy o‘zlashtirish huquqiy javobgarlikka hamda moliyaviy yo‘qotishlarga olib keladi.
Tog‘-kon sanoati va geologiya sohasida davlat nazoratining izchil olib borilishi, xususan zamonaviy kosmik va marksheyderlik monitoringi texnologiyalarining qo‘llanilishi noqonuniy holatlarni o‘z vaqtida aniqlash imkonini bermoqda. Bu esa tabiiy resurslarni muhofaza qilish hamda davlat iqtisodiy manfaatlarini ta’minlashda muhim o‘rin tutadi.
Tadbirkorlar va yer qa’ridan foydalanuvchilar litsenziya va kon ajratmasi shartlariga og‘ishmay amal qilishlari, sanoat va ekologiya xavfsizligi qoidalariga rioya etishlari shart. Qonuniylikni ta’minlash va boyliklardan oqilona foydalanish sohadagi barqaror rivojlanishning bosh omilidir.
Sud hukmi qonuniy kuchga kirmagan bo‘lib, qonunchilikda belgilangan tartibda apellyatsiya, kassatsiya shikoyati yoki protest keltirilishi mumkin.
J. Bozorxonov, Tog‘-kon sanoati va geologiya
sohasini nazorat qilish inspeksiyasi Bosh yuriskonsulti.
