Davlat xaridlari sohasida korrupsiyaning oldini olish va moliyaviy xavf-xatarlarni bartaraf etish masalalari muhokama qilindi
2026-08-10 10:40:00 / Yangiliklar

Tog‘-kon sanoati va geologiya vazirligida davlat xaridlari jarayonida amaldagi tartib-taomillarga rioya etish, moliyaviy xavflarni aniqlash hamda korrupsiya va manfaatlar to‘qnashuvining oldini olishga bag‘ishlangan maxsus o‘quv seminari bo‘lib o‘tdi. Tadbir xaridlar shaffofligini ta’minlash va mas’ul xodimlarning huquqiy savodxonligini oshirish maqsadida tashkil etildi.
Seminarda vazirlik markaziy apparati hamda 20 dan ortiq tizimosti korxonalarining xarid, buxgalteriya, moliya, ichki audit va korrupsiyaga qarshi ichki nazorat tuzilmalari mas’ullari ishtirok etdi. Yig‘ilishni Tog‘-kon sanoati va geologiya vazirining birinchi o‘rinbosari F.Xamidova ochib berib, sohada amalga oshirilayotgan islohotlar va xaridlar shaffofligini ta’minlash borasidagi asosiy vazifalarga to‘xtaldi.
O‘zbekiston Respublikasi Hisob palatasi bosh inspektori Sh.Soliyev hamda Sanoat kooperatsiyasi va davlat xaridlari agentligi mas’ul xodimi B.To‘xtasinov "Davlat xaridlari to‘g‘risida"gi Qonun talablari va xaridlar sohasidagi so‘nggi yangiliklar bo‘yicha ma’ruza qildilar. Mutaxassislar kontragentlarni tekshirish, moliyaviy va boshqa xavflarni baholash hamda korrupsiogen omillarni kamaytirish mexanizmlarini batafsil tushuntirib berishdi. Shuningdek, xarid qonunchiligi talablarini buzganlik uchun belgilangan javobgarlik choralari alohida ta’kidlandi.
O‘tkazilgan mazkur tadbir davlat xaridlari tizimida korrupsiyaviy omillarni bartaraf etish va budjet mablag‘larining maqsadli sarflanishini ta’minlashga xizmat qiladi. Tizimli nazorat va profilaktika tadbirlarining kuchaytirilishi davlat organlari faoliyatida ochiqlikni oshirib, moliyaviy intizomni mustahkamlash hamda iqtisodiy samaradorlikka erishishning muhim kafolati bo‘lib xizmat qiladi.









