Harbiylashtirilgan kon qutqaruv qismi O‘zbekiston ochiq chempionatida munosib ishtirok etmoqda
2026-08-07 15:25:00 / Yangiliklar

Namangan shahrida yong‘in-qutqaruv sporti bo‘yicha erkaklar o‘rtasidagi O‘zbekiston Respublikasi ochiq chempionatiga start berildi. Mazkur nufuzli musobaqada Harbiylashtirilgan kon qutqaruv qismi (HKQQ) terma jamoasi ham faol qatnashib, yuqori kasbiy tayyorgarlik va mahorat namoyish etmoqda.
Chempionatning ilk kunida sportchilar ishg‘ol qilish narvoni orqali o‘quv minorasining 4-qavatiga ko‘tarilish bo‘yicha kuch sinashdilar. Belgilangan nizomga muvofiq, har bir jamoa a’zosiga o‘z ko‘rsatkichlarini yaxshilash va eng yuqori natijani qayd etish uchun 2 marotaba urinish imkoniyati berildi. HKQQ terma jamoasi a’zolari birinchi bosqichdanoq chaqqonlik va aniq harakatlar evaziga peshqadamlar safidan joy olishdi.
Kunning ikkinchi yarmida esa musobaqaning navbatdagi qiziqarli sharti — yong‘in o‘chiruvchilar va qutqaruvchilar estafetasi bahslari o‘tkazilishi rejalashtirilgan. Ayni paytda terma jamoa vakillari ushbu bosqichda ham yuqori natijalarni qo‘lga kiritish maqsadida qizg‘in tayyorgarlik mashqlarini olib bormoqda.
Sport musobaqalarida erishilayotgan bunday yuqori ko‘rsatkichlar Harbiylashtirilgan kon qutqaruv qismi shaxsiy tarkibining jismoniy va kasbiy tayyorgarlik darajasi doimiy ravishda oshib borayotganini ko‘rsatadi. Bu esa favqulodda vaziyatlar hamda kon-qutqaruv ishlarida xavfsizlikni ishonchli ta’minlash va tezkor choralar ko‘rish imkonini beradi.


