Yangi qonun va qat’iy nazorat: korrupsiyasiz shaffof soha sari
2026-08-06 15:55:00 / Yangiliklar

Tog‘-kon sanoati va geologiya sohasini nazorat qilish inspeksiyasida O‘zbekiston Respublikasining 2026-yil 22-iyundagi O‘RQ-1155-son Qonuni mazmun-mohiyatiga bag‘ishlangan uchrashuv bo‘lib o‘tdi. Yig‘ilishda Korrupsiyaga qarshi kurashish bo‘yicha bosh mutaxassis J. Zikirov ma’ruza qilib, ushbu qonunchilik hujjatining sohada qonuniylikni ta’minlashdagi muhim o‘rni va amaliy ahamiyatini batafsil tushuntirib berdi.
Yig‘ilishda O‘RQ-1155-son Qonun bilan amaldagi sohaga oid bir qator qonun hujjatlariga, jumladan Jinoyat hamda Ma’muriy javobgarlik to‘g‘risidagi kodekslarga kiritilgan muhim o‘zgartirishlar tahlil qilindi. Ta’kidlanganidek, yangi tartibga ko‘ra korrupsiyaga oid jinoyatlarning aniq ro‘yxati belgilandi hamda davlat organlarida komplaens va korrupsiyaga qarshi ichki nazorat tuzilmalarining vakolatlari va huquqiy kafolatlari tubdan kuchaytirildi. Shuningdek, korrupsiyaga oid jinoyatlarni sodir etishda aybdor deb topilgan shaxslarning elektron reyestri yuritilishi hamda unga kiritilgan shaxslarga nisbatan davlat xizmatiga kirish va davlat xaridlarida ishtirok etish bo‘yicha qat’iy cheklovlar o‘rnatilishi tushuntirildi.
Inspeksiya va uning hududiy bo‘linmalari xodimlari uchun korrupsiyaviy xavf-xatarlarni barvaqt aniqlash va xaritasini shakllantirish, shuningdek, huquqbuzarliklar haqida xabar bergan shaxslarni huquqiy va ijtimoiy himoya qilish mexanizmlari yoritildi. Davlat xaridlarida tovarlarning boshlang‘ich narxi va o‘rtacha bozor narxi o‘rtasidagi tafovut bo‘yicha belgilangan talablarni buzganlik uchun bazaviy hisoblash miqdorining 30 baravaridan 50 baravarigacha jarima jazosi belgilangani qayd etildi. Sohaga mas’ul nazoratchilar kelgusida har bir yo‘nalishda shaffoflikni oshirish va korrupsiyaga nisbatan murosasiz muhitni shakllantirish bo‘yicha topshiriqlar olishdi.
Ushbu islohotlar va nazorat tizimining kuchaytirilishi sohada davlat resurslaridan samarali foydalanish hamda noqonuniy holatlarning oldini olishga xizmat qiladi. Qonuniylik va shaffoflikning ta’minlanishi esa tog‘-kon sanoati hamda geologiya sohasida investitsiyaviy jozibadorlikni oshirishga va barqaror iqtisodiy o‘sishni ta’minlashga zamin yaratadi.






