Tog‘-kon sanoati va geologiya sohasini nazorat qilish inspeksiyasi ISO 37001:2025 xalqaro sertifikatini qo‘lga kiritdi
2026-08-05 16:20:00 / Yangiliklar

Tog‘-kon sanoati va geologiya sohasini nazorat qilish inspeksiyasida korrupsiyaga qarshi samarali boshqaruv tizimini joriy etish yo‘nalishida muhim voqea yuz berdi. Inspeksiyaga korrupsiyaga qarshi kurashish sohasidagi nufuzli ISO 37001:2025 xalqaro muvofiqlik sertifikatini topshirish marosimi o‘tkazildi.
Ushbu muvofiqlik sertifikati tizimda ochiqlik va shaffoflikni ta’minlash, manfaatlar to‘qnashuvining oldini olish hamda korrupsiyaga nisbatan murosasiz munosabatni shakllantirish bo‘yicha amalga oshirilgan amaliy ishlarning xalqaro e’tirofidir. ISO 37001:2025 standarti korrupsiyaviy xavflarni aniqlash, baholash va ularni kamaytirishga qaratilgan tizimli yondashuvni nazarda tutadi.
Jarayon davomida inspeksiya faoliyati xalqaro talablar asosida to‘liq qayta ko‘rib chiqildi. Shuningdek, ichki siyosat, manfaatlar to‘qnashuvini boshqarish, korrupsiyaviy xavf-xatarlarning oldini olish, davlat xaridlarida shaffoflikni oshirish va boshqa asosiy yo‘nalishlar bo‘yicha 10 dan ortiq ichki idoraviy hujjatlar qabul qilindi hamda amaliyotga tatbiq etildi.
Tizimda korrupsiyaga qarshi kompleks preventiv mexanizmlarning yaratilishi sohada qonuniylikni ta’minlash, qarorlar qabul qilishda xolislikni oshirish va davlat nazorati samaradorligini sifat jihatidan yangi bosqichga olib chiqish imkonini beradi.
Erishilgan bu natija inspeksiyada ochiqlik va javobgarlik madaniyati mustahkamlanayotganini ko‘rsatadi. Korrupsiyaga qarshi xalqaro standartlarning joriy etilishi resurslardan unumli foydalanishni ta’minlab, davlat va jamiyat manfaatlarini ishonchli himoya qilishga xizmat qiladi.






