Yosh oilalarni qo‘llab-quvvatlash va mas’uliyatli ota-onalik mezonlarini shakllantirish bo‘yicha yangi tizim yo‘lga qo‘yildi
2026-08-04 17:45:00 / Yangiliklar

Yangi O‘zbekistonda oila institutini mustahkamlash hamda sog‘lom va barkamol avlodni tarbiyalash jarayonlarini tizimli tashkil etish bo‘yicha keng ko‘lamli chora-tadbirlar amalga oshirilmoqda. Ushbu islohotlar doirasida yosh oilalarga ota-onalik mas’uliyatini ilmiy va amaliy usullarda o‘rgatishga qaratilgan masuliyatli-ota-onalik.uz elektron platformasi va mobil ilovasi ishga tushirildi.
Tahlillar shuni ko‘rsatadiki, bugungi kunda yoshlarni oilaviy hayotga tayyorlash va ota-onalik ko‘nikmalarini shakllantirish dasturlariga talab keskin ortmoqda. Oila ajrimlarining oldini olish, nizolarni bartaraf etishda psixologik, huquqiy va tibbiy bilimlarning yetishmasligi hamda professional yondashuvlarning kamligi ushbu tashabbusni hayotga tatbiq etishni talab etdi.
Platforma orqali oilaviy munosabatlarni barqarorlashtirish va milliy qadriyatlarga asoslangan farovon oilalarni shakllantirish ko‘zda tutilgan. O‘quv jarayoni mutaxassislar tomonidan ishlab chiqilgan 5 ta ta’lim modulini o‘z ichiga oladi: ota-onalikka tayyorgarlik (1 dars), reproduktiv salomatlik (5 dars, 148 daqiqa), pedagogik-psixologik malakalar (1 dars, 17 daqiqa), iqtisodiy bilimdonlik va moliyaviy rejalashtirish (1 dars, 19 daqiqa) hamda ma’naviy-axloqiy muhit yaratish (1 dars, 16 daqiqa).
Loyiha doirasida o‘quv qo‘llanmalari, elektron targ‘ibot materiallari, videodarslar, podcastlar va audio/video reelslar yaratilib, platforma orqali ommalashtirildi. Maxsus o‘quv kursini muvaffaqiyatli tamomlagan oilalarga sertifikat taqdim etish tizimi yo‘lga qo‘yildi. Amalga oshirilayotgan monitoring va nazorat tadbirlari orqali oilalarni ma’rifiy qo‘llab-quvvatlash mexanizmlari doimiy takomillashtirib boriladi.
Ushbu natijalar oilaviy munosabatlarni ilmiy va raqamli yondashuvlar orqali tartibga solish jamiyatda ijtimoiy barqarorlikni ta’minlashga xizmat qilishini ko‘rsatadi. Profilaktik bilimlarning oshirilishi va mas’uliyatli ota-onalik mezonlarining joriy etilishi arzimas sabablar bilan oilalar buzilishining oldini oladi.
Qonuniylik va barqarorlikning ta’minlanishi, o‘z navbatida, oila iqtisodiyotini to‘g‘ri rejalashtirish hamda jamiyatning ijtimoiy-iqtisodiy farovonligini oshirishda muhim ahamiyat kasb etadi.
