Tog‘-kon va geologiya sohasida kadrlar tayyorlashning yangi tizimi joriy etilmoqda
2026-08-03 12:20:00 / Yangiliklar

Geologiya fanlari universitetida tog‘-kon sanoati, geologiya va mineral resurslar sohalarida kasbiy malakalarni rivojlantirishga bag‘ishlangan ikki kunlik seminar-trening bo‘lib o‘tdi. Tadbir O‘zbekiston Respublikasi Tog‘-kon sanoati va geologiya vazirligi, Kambag‘allikni qisqartirish va bandlik vazirligi hamda Milliy malaka tizimini rivojlantirish instituti hamkorligida tashkil etildi.
Muloqotda vazirlik, sohaviy ilmiy va ta’lim muassasalari hamda tarmoqning yetakchi korxonalari mutaxassislari ishtirok etib, Milliy malaka tizimini amaliyotga tatbiq etish va kasbiy talablarni zamonaviy ishlab chiqarish ehtiyojlariga moslashtirish masalalarini atroflicha muhokama qildilar. Yig‘ilishda kadrlar tayyorlash, qayta tayyorlash va malaka oshirish mexanizmlarini takomillashtirish, dual ta’limni kengaytirish hamda ta’lim bilan ishlab chiqarish integratsiyasini kuchaytirishga alohida urg‘u berildi.
Amaliy bosqichda o‘rta bo‘g‘in rahbarlarining kasbiy kompetensiyalarini baholash va kadrlar zaxirasini shakllantirish tartibi ko‘rib chiqildi. Shuningdek, bevosita korxonalarda o‘quv poligonlari, o‘quv-ishlab chiqarish maydonchalari hamda talabalar amaliyoti uchun zamonaviy laboratoriyalar tashkil etish chora-tadbirlari belgilandi. Tadbir yakunida tarmoq uchun yuqori malakali mutaxassislar tayyorlash va amaliyotga yo‘naltirilgan ta’limni rivojlantirish bo‘yicha ustuvor vazifalar kelishib olindi.
Ushbu amaliy qadamlar mineral-xomashyo bazasini rivojlantirishda inson kapitali rolini oshirishga xizmat qiladi. Malaka talablarining ishlab chiqarish ehtiyojlariga moslashtirilishi tarmoq korxonalarida texnologik jarayonlar samaradorligini ta’minlash va kadrlar yetishmovchiligi xavfini kamaytirishga zamin yaratadi.








