Juma – sport musobaqalari kuni: Kon qutqaruvchilari jismoniy tayyorgarlik va ahillikni namoyon etdi
2026-07-31 10:50:00 / Yangiliklar

Harbiylashtirilgan kon qutqaruv qismi shaxsiy tarkibi o‘rtasida jismoniy tayyorgarlikni mustahkamlash hamda sog‘lom turmush tarzini keng targ‘ib etishga qaratilgan navbatdagi sport musobaqalari o‘tkazildi. Tizimli ravishda tashkil etilayotgan ushbu tadbirlar xodimlarning kasbiy tayyorgarligi va jangovar shayligini oshirishda muhim omil bo‘lib xizmat qilmoqda.
Tadbir dasturidan minifutbol, estafeta hamda arqon tortish kabi jamoaviy sport turlari joy oldi. Yakkalik bahslarda esa ishtirokchilar tosh ko‘tarish musobaqasi bo‘yicha o‘zaro bellashdilar. Murosasiz kechgan bahslarda kon qutqaruvchilari yuqori jamoaviy hamjihatlik, sport mahorati va irodali g‘alabaga bo‘lgan intilishlarini ko‘rsatdilar.
Favqulodda vaziyatlarda tezkor va aniq harakat qilish to‘g‘ridan-to‘gri ishchilar xavfsizligi va kon inshootlari muhofazasi bilan bog‘liq. Shuning uchun soha xodimlarining jismoniy chidamliligi va ruhiy tetikligi doimiy nazorat hamda maxsus mashg‘ulotlarni talab etadi. O‘tkazilgan musobaqalar nafaqat jismoniy ko‘rsatkichlarni tekshirish, balki jamoada o‘zaro ishonch va ahillikni yanada mustahkamlashga qaratilgan.
Bu kabi sport tadbirlarining muntazam o‘tkazilishi harbiylashtirilgan qutqaruv tuzilmalarining operativ shayligini ta’minlashga xizmat qiladi. Intizom va jismoniy tayyorgarlikning yuqori darajasi kon-sanoat ob’ektlarida xavfsizlik talablariga rioya etilishi ustidan samarali nazorat olib borish hamda yuzaga kelishi mumkin bo‘lgan texnogen xavflarning oldini olishning muhim kafolatidir.



