Tog‘-kon va geologiya sohasida raqamlashtirish: Inson omilisiz nazorat va shaffoflik sari yangi qadam
2026-07-23 14:55:00 / Yangiliklar

To‘g‘ri va shaffof nazorat tizimi davlat organlari faoliyatida samaradorlikni oshirishning bosh omilidir. Tog‘-kon sanoati va geologiya sohasini nazorat qilish inspeksiyasi 2026-yilning 1-yarim yilligi yakunlari bo‘yicha raqamlashtirish hamda sun’iy intellekt texnologiyalarini joriy etish yo‘nalishida amalga oshirilgan ishlarni taqdim etdi. Asosiy e’tibor maishiy korrupsiyaning oldini olish, nazorat tadbirlarida inson omilini qisqartirish va barcha jarayonlarning to‘liq shaffofligini ta’minlashga qaratilgan.
Shu maqsada Inspeksiya tomonidan “Uzinfocom” MChJ yagona integratori bilan hamkorlikda “YER-QA‘RI NAZORAT” axborot tizimini ishlab chiqish bo‘yicha jadal ishlar olib borilmoqda. Tizimni manfaatdor davlat idoralarining axborot bazalari bilan integratsiya qilish yuzasidan Raqamli hukumat ishini takomillashtirish bo‘yicha tayyorlanayotgan O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti farmoni loyihasiga tegishli takliflar kiritildi.
Bugungi kunga qadar “YER-QA‘RI NAZORAT” tizimining texnik topshirig‘i ishlab chiqildi va zarur hujjatlar komplekti to‘liq shakllantirildi. Hujjatlar yig‘ma jildiga muvofiq jarayonda qatnashuvchi davlat tashkilotlari hamda ularning axborot tizimlari ro‘yxati ajratib olindi, birlamchi algoritm sxemasi yaratildi. Tahlilchilar bilan birgalikda hujjatlarni bosqichma-bosqich raqamlashtirish imkoniyatlari o‘rganilib, axborot tizimining birlamchi prototipi amaliyotga joriy etildi hamda синов bosqichiga yuborildi.
Shuningdek, sohada “Xavfni tahlil qilish va Kongeotexnazorat” axborot tizimi yaratilmoqda. Ushbu texnologiya tadbirkorlik subyektlarini o‘rganish va nazorat tadbirlarini tayinlashda inson omilini to‘liq chiqarib tashlash imkonini beradi. Tizim mavjud hujjatlar va hisobotlarni avtomatik ravishda tahlil qilib, tekshirish zaruratini xolis belgilaydi. Shu bilan birga, O‘zbekiston Respublikasi Adliya vazirligining “Litsenziya” axborot tizimlari majmuasi orqali ko‘rsatiladigan davlat xizmatlariga sun’iy intellekt texnologiyalari tatbiq etilmoqda. Bu ruxsatnoma berish va murojaatlarni ko‘rib chiqish jarayonlarini avtomatlashtirishga xizmat qiladi.
Raqamlashtirish va sun’iy intellektning joriy etilishi nazorat faoliyatida subyektiv yondashuv hamda korrupsiya xavfini keskin kamaytiradi. Avtomatlashtirilgan tahlil tizimi halol tadbirkorlar faoliyatiga asossiz aralashuvlarning oldini oladi va yer qa’ridan foydalanishda qonuniylikni mustahkamlaydi. Bu esa sohada sog‘lom raqobat muhiti va davlat resurslaridan samarali foydalanishni ta’minlashning muhim kafolatidir.
