Yer qa’ri nazoratida raqamli inqilob: Sun’iy intellekt va "E-YER QARI NAZORATI" tizimi joriy etiladi
2026-07-17 11:30:00 / Yangiliklar

O‘zbekistonda tog‘-kon sanoati va geologiya sohasini nazorat qilish tizimi tubdan isloh qilinmoqda. Vazirlar Mahkamasining “Tog‘-kon sanoati va geologiya sohasini nazorat qilish inspeksiyasi faoliyatini raqamli transformatsiya qilish bo‘yicha kompleks chora-tadbirlar to‘g‘risida”gi qaror loyihasi ishlab chiqildi. Ushbu hujjat sohada ruxsat etish xususiyatiga ega hujjatlarni rasmiylashtirish jarayonlarini soddalashtirish, inson omilini kamaytirish va nazorat tadbirlarining to‘liq shaffofligini ta’minlashga qaratilgan.
Mazkur qaror loyihasini tayyorlash zarurati davlat rahbarining topshiriqlari hamda amaldagi texnologiyalar va kadrlar salohiyatining bugungi tezkor davr talablariga mos kelmasligi sababli yuzaga kelgan. Yangi tizim yer qa’ridan noqonuniy foydalanish holatlariga qarshi kurashishni mutlaqo yangi bosqichga olib chiqadi.
Nazoratda yangi vosita: "E-YER QARI NAZORATI"
Islohotlarning eng muhim bo‘g‘ini — 2026-yil 1-oktyabrdan boshlab joriy etiladigan “E-YER QARI NAZORATI” axboorat tizimidir. Ushbu tizim yer qa’ridan foydalanish talablarini buzganlik holatlarini aniqlash, tegishli hujjatlarni shakllantirish va ularni ko‘rib chiqish monitoringini onlayn tarzda yuritadi.
Tizimning samaradorligini ta’minlash maqsadida u bir qator mas’ul davlat organlarining axborot tizimlariga integratsiya qilinadi. Bular qatoriga Bosh prokuratura, Ichki ishlar vazirligi, Iqtisodiyot va moliya vazirligi, Soliq qo‘mitasi, Adliya vazirligi hamda Biznes-ombudsman kabi muassasalar kiradi. Integratsiya ishlari 2026-yil 1-noyabrgacha yakunlanishi, tizim esa to‘liq quvvat bilan 2027-yil 1-yanvardan ishga tushishi belgilangan.
Sun’iy intellekt texnologiyalarining joriy etilishi
Yangi loyiha doirasida Inspeksiya faoliyatiga sun’iy intellekt (SI) texnologiyalarini keng joriy etish konsepsiyasi tasdiqlanmoqda. Sun’iy intellekt yordamida:
-
2026-yil 1-noyabrdan boshlab ayrim turdagi ruxsatnomalar va murojaatlarni avtomatlashtirilgan tarzda ko‘rib chiqish tizimi loyihalashtiriladi;
-
Sohadagi huquqbuzarliklar va jinoyatlar hisobini inson omilisiz, hududlar va turlar kesimida avtomatik tahlil qiluvchi tizim yaratiladi;
-
2027-yil 25-yanvargacha statistik ma’lumotlarni yig‘uvchi va tahlil qiluvchi SI dasturi ishga tushiriladi.
Uzoq muddatli istiqbolda (2027-yildan keyin) karyerlardagi kuzatuv kameralari tasvirlarini real vaqt rejimida tahlil qilish (profayling) va foto-video murojaatlarning haqqoniyligini SI yordamida aniqlash yo‘lga qo‘yiladi.
Texnik qurilmalarni raqamli hisobga olish
Yer qa’ridan foydalanishda qo‘llaniladigan texnik qurilmalarni nazorat qilish ham raqamlashtiriladi. 2026-yil 1-avgustga qadar qurilmalarni ro‘yxatga olish bo‘yicha texnik reglament loyihasi tayyorlanadi.
2027-yil 1-fevralga kelib SI bazasidagi maxsus tizim ishga tushirilib, u tadbirkorlarning soliq, elektr va gaz to‘lovlarining haqqoniyligini avtomatlashtirilgan hisob-kitoblar orqali tekshirish imkonini beradi. Qurilmalarning muvofiqlik sertifikatlari esa “Texnik jihatdan tartibga solish” milliy tizimi orqali avtomatik tekshiriladi.
Tadbirkorlar uchun qanday qulayliklar yaratiladi?
Hujjatga asosan, an’anaviy tarzda ko‘rsatib kelingan bir qator davlat xizmatlari to‘liq raqamlashtiriladi:
-
Foydali qazilmalarni qazib oluvchi korxonani tugatish va konservatsiya qilish loyihasini kelishish (2026-yil dekabr);
-
Foydali qazilmalar bilan bog‘liq bo‘lmagan maqsadlar uchun kon ajratish dalolatnomasi (2027-yil fevral);
-
Foydali qazilmalar bilan bog‘liq maqsadlar uchun kon ajratish dalolatnomasi (2027-yil mart);
-
Kon ishlarini rivojlantirish rejasini kelishish mexanizmi (2027-yil sentyabr).
Mazkur xizmatlar raqamli formatga o‘tkazilishi natijasida ortiqcha qog‘ozbozlik va ilova qilinadigan hujjatlarni talab qilish amaliyotiga chek qo‘yiladi.
Moliyalashtirish manbalari va xarajatlar
Mazkur loyihalarni amalga oshirish davlat budjetiga qo‘shimcha yuklama bo‘lmaydi. Barcha tadbirlar Inspeksiyaning budjetdan tashqari rivojlantirish jamg‘armasi hamda o‘z mablag‘lari hisobidan moliyalashtiriladi. Dastlabki loyihalarda ko‘zda tutilgan Tiklanish va taraqqiyot jamg‘armasining kredit mablag‘lari Iqtisodiyot va moliya vazirligining taklifiga binoan loyihadan chiqarib tashlangan.
Ushbu raqamli islohotlar tog‘-kon sohasidagi nazorat mexanizmlarini mutlaqo shaffoflashtiradi. Sun’iy intellektning joriy etilishi maishiy korrupsiya xavfini minimallashtirib, davlat xizmatlari sifatini oshiradi.
Tizimlararo integratsiyaning yo‘lga qo‘yilishi esa yer qa’ridan noqonuniy foydalanish holatlarini kosmik monitoring va raqamli tahlil orqali barvaqt aniqlash, soliq tushumlarining to‘liqligini ta’minlash hamda davlatning iqtisodiy manfaatlarini ishonchli himoya qilish imkonini beradi.
J. Bozorxonov - Bosh yuriskonsult
