O‘zbekistondagi 124 ta geografik obyekt nomi davlat tili me’yorlariga muvofiqlashtirildi
2026-07-10 16:45:00 / Yangiliklar

O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 2026-yil 9-iyuldagi 376-son qarori bilan mamlakatimizdagi ayrim tog‘ tizmalari, tog‘lar, cho‘qqilar, daralar, dovonlar va g‘orlarning nomlarini davlat tili qoida va me’yorlariga muvofiqlashtirish hamda ularga yangi nom berish ro‘yxati tasdiqlandi. Hujjat O‘zbekiston Respublikasining “Davlat tili haqida”gi va “Geografik obyektlarning nomlari to‘g‘risida”gi qonunlariga muvofiq qabul qilindi.
Hujjatga ko‘ra, respublika bo‘yicha jami 124 ta geografik obyektning nomi o‘zgartirildi yoki imlosi to‘g‘rilandi. Ulardan 117 tasi tog‘ tizmasi, tog‘, cho‘qqi va dovonlar bo‘lsa, qolganlari dara va g‘orlardir. Hududlar kesimida Andijonda 1 ta, Buxoroda 12 ta, Farg‘onada 10 ta, Jizzaxda 54 ta, Namanganda 5 ta, Navoiyda 12 ta, Qashqadaryoda 11 ta, Samarqandda 6 ta, Surxondaryoda 4 ta va Toshkent viloyatida 8 ta obyekt nomi muvofiqlashtirildi.
Islohotlar natijasida rus va boshqa tillar ta’sirida noto‘g‘ri yozilib kelingan nomlar lotin yozuviga asoslangan o‘zbek alifbosi me’yorlariga keltirildi. Masalan, Buxorodagi “Каратаг” tog‘i Qoratog‘, Jizzaxdagi “Кызылтурук” tog‘ tizmasi Qizilto‘riq, Navoiydagi “Арыстантау” tizmasi Arslontov, Qashqadaryodagi “пещера Тамерлана” g‘ori esa Amir Temur g‘ori deb qayta nomlandi. Nomlar endilikda normativ-huquqiy hujjatlar, xaritalar va ish yuritishda majburiy tartibda qo‘llaniladi.
Ekologiya va iqlim o‘zgarishi milliy qo‘mitasi, Kadastr agentligi hamda Turizm qo‘mitasi bilan birgalikda ikki oy muddatda xaritalar va ma’lumotlar bazalariga o‘zgartirishlar kiritadi. Qoraqalpog‘iston Respublikasi Vazirlar Kengashi va viloyatlar hokimliklari joylardagi peshlavha hamda ko‘rsatkichlarning o‘zbek tilida yozilishini ta’minlaydi.
Geografik nomlarning davlat tili me’yorlariga keltirilishi milliy o‘zlikni anglash va qonun ustuvorligini ta’minlash yo‘lidagi muhim qadamdir. Hududiy nomlarning tartibga solanishi turizm salohiyatini oshirish, kadastr tizimini aniq yuritish hamda davlat organlarining ish yuritish samaradorligini oshirishga xizmat qiladi.
