Pskentda noruda foydali qazilmalarni noqonuniy qazib olish holati aniqlandi
2026-07-08 09:45:00 / Yangiliklar

Tog‘-kon sanoati va geologiya sohasini nazorat qilish inspeksiyasi Markaziy mintaqaviy boshqarmasi tomonidan Pskent tumanida joylashgan "Istiklol-III" konida yer qa’ridan foydalanish va sanoat xavfsizligi talablariga rioya etilishi yuzasidan tekshiruv o‘tkazildi. O‘zbekiston Respublikasining 2024-yil 31-oktabrdagi "Yer qa’ri to‘g‘risida"gi O‘RQ-987-son Qonuni hamda O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining 2024-yil 24-maydagi PQ-187-son qarori talablari asosida tashkil etilgan ushbu tadbir davomida "T.N.M." MCHJ faoliyatida jiddiy qonunbuzilish holatlari qayd etildi. Kosmik monitoring ma’lumotlari asosida o‘tkazilgan o‘rganishlar jamiyat tomonidan belgilangan chegaralardan chiqib ketilganini ko‘rsatdi.
"Olmaliq KMK" AJ marksheyderlik bo‘limi mutaxassislari ishtirokida o‘tkazilgan o‘lchov va hisoblash ishlari natijasida aniqlanishicha, subyekt tomonidan 2021-yil 29-iyundan 2026-yil 4-fevralga qadar kon ajratmasi hududidan ya’ni 1,63 gektar yer maydonidan 36761 metr kub qum-shag‘al aralashmasi qazib olingan. Biroq jamiyat qonuniy hududdan tashqaridagi 4,77 gektar yer maydonidan ham 93299 metr kub hajmdagi noruda foydali qazilmalarni o‘zboshimchalik bilan qazib olganligi tasdiqlandi.
Tekshiruv davomida korxonaning 2026-yil uchun mo‘ljallangan yillik ish rejasi inspeksiya bilan kelishilmagani, burchak chegara nuqtalariga reperlar o‘rnatilmagani hamda tog‘-kon ishlarini yuritish va suvdan maxsus foydalanish uchun tegishli ruxsatnomalar mavjud emasligi fosh etildi. Shuningdek, O‘zbekiston Respublikasining "Xavfli ishlab chiqarish obyektlarining sanoat xavfsizligi to‘g‘risida"gi O‘RQ-57-sonli Qonuni talablari buzilib, obyekt yagona reestrdan o‘tkazilmagan va ish beruvchining fuqarolik javobgarligi majburiy sug‘urta qilinmagan. Jamiyat rahbari B.O.ga aniqlangan barcha kamchiliklarni bartaraf etish bo‘yicha muddati belgilangan yozma ko‘rsatma topshirildi va yig‘ilgan hujjatlar qonuniy baho berish uchun huquqni muhofaza qiluvchi organlarga taqdim etildi.
Ushbu nazorat tadbiri natijalari yer qa’ridan foydalanishda kosmik monitoring tizimi samaradorligini va o‘zboshimchalik bilan tabiiy resurslarni talon-taroj qilishga chek qo‘yish zarurligini ko‘rsatadi. Davlat nazoratining kuchaytirilishi mineral xomashyo bazasini asrab-avaylash hamda noqonuniy tadbirkorlik tufayli iqtisodiyot va tabiatga yetkaziladigan zararlarning oldini olishga xizmat qiladi.
