Inspeksiyada yangi raqamli tizim muhokama qilindi: 21 turdagi xizmat yagona elektron platformaga birlashtiriladi
2026-07-07 16:50:00 / Yangiliklar

Tog‘-kon sanoati va geologiya sohasini nazorat qilish inspeksiyasida “Kongeotexnazorat” axborot tizimining tarkibiy qismi hisoblangan “Xavfni tahlil qilish” elektron axborot tizimi hamda “Ruxsatnoma berish” modulini amaliyotga joriy etish masalalari atroflicha muhokama qilindi. Inspeksiya boshlig‘i o‘rinbosari O. Zaripov boshchiligida o‘tgan ishchi guruh yig‘ilishida mas’ul mutaxassislar hamda “Uzinfocom” yagona integratori vakillari ishtirok etdi. Uchrashuvda sohani to‘liq raqamlashtirishga qaratilgan taqdimot materiallari va arxitektura loyihalari ko‘rib chiqildi.
Yig‘ilishda qayd etilishicha, yangi raqamli mexanizm tadbirkorlik subyektlarining qonunchilikka rioya etish darajasini avtomatlashtirilgan tarzda baholash imkonini beradi. Amaldagi jarayon tahlili shuni ko‘rsatadiki, tizimda barcha ilovalar PDF shaklida yuklangani sababli ma’lumotlarni avtomatik ajratish imkoni yo‘q va inspektorlar ularni qo‘lda o‘qishga majbur bo‘lmoqda. Oqibatda arizachilar tomonidan xizmat turining noto‘g‘ri tanlanishi sababli arizalarning o‘rtacha 30–35 foizi kamchiliklar bilan ortga qaytarilmoqda. Hozirda neft-gaz yo‘nalishida oylik arizalar o‘rtacha 10 tani, yer osti yo‘nalishida 220 tani, sanoat xavfsizligida esa 200 tani tashkil etib, ijobiy qarorlar ko‘rsatkichi atigi 45 foizdan 60 foizgacha yetmoqda.
Raqamlashtirish ishlari doirasida jami 21 turdagi ruxsatnoma va xizmatlar yagona tizimga birlashtirilmoqda. Ulardan 13 tasi tashqi tizimlar, jumladan, “Litsenziya” axborot tizimi, YIDXP, Geomonitoring hamda Nazorat.mc.uz bilan integratsiya orqali faqat Back ofis rejimida ishlasa, qolgan 8 ta an’anaviy qog‘oz shaklidagi xizmat to‘liq elektron ko‘rinishga o‘tkaziladi. Tizim 12 ta ariza holatidan iborat yagona zanjir asosida ish yuritadi. Arizachidan ortiqcha hujjat talab qilmaslik uchun Adliya vazirligi, Soliq qo‘mitasi, Mehnat.uz va Kadastr agentligi kabi 8 ta tashqi davlat tizimi bilan avtomatik ma’lumot almashinuvi yo‘lga qo‘yiladi.
Inspektorlar yuklamasini 40 foizga kamaytirish maqsadida joyga chiqib o‘rganish jarayonlari uchun maxsus planshet moduli joriy etilmoqda. Bu modul obyektda GPS geolokatsiya, foto va video dalillarni qayd etib, internet bo‘lmagan hududlarda oflayn rejimda ishlash va keyinchalik avtomatik sinxronizatsiya qilish imkonini beradi. Dasturning yakuniy bosqichida esa RAG texnologiyasiga asoslangan sun’iy intellekt moduli ishga tushiriladi. Sun'iy intellekt arizalarni normativ bazaga solishtirib, talab bajarilganda QR-kodli hujjatni avtomatik shakllantiradi va arizalarning qaytarilish ko‘rsatkichini 15–20 foizgacha qisqartiradi.




