Tog‘-kon sanoati va geologiya sohasidagi ishlar — parlament nazoratida
2026-07-01 15:45:00 / Yangiliklar

Oliy Majlis Qonunchilik palatasining Tadbirkorlik, raqobatni rivojlantirish va sanoat masalalari qo‘mitasi tomonidan Tog‘-kon sanoati va geologiya sohasini nazorat qilish inspeksiyasining 2026-yilning o‘tgan davridagi faoliyati yuzasidan axboroti eshitildi.
Yig‘ilishda sohada amalga oshirilayotgan ishlar, sanoat xavfsizligini ta’minlash, korrupsiyaning oldini olish, raqamli texnologiyalarni keng joriy etish hamda inspeksiya rahbariyati uchun belgilangan samaradorlik ko‘rsatkichlarining ijrosi atroflicha muhokama qilindi.
Ma’lum qilinganidek, hisobot davrida neft va gaz obyektlarida 400 dan ortiq profilaktika tadbirlari o‘tkazilgan, shuningdek, 62 ta kameral nazorat amalga oshirilgan.
Konchilik va portlatish ishlari sohasida 201 ta nazorat tadbiri tashkil etilgan. Natijada 1 248 ta qonunbuzilish holati aniqlanib, ularni bartaraf etish bo‘yicha 175 ta yozma ko‘rsatma hamda 136 ta ma’lumotnoma va xulosalar berilgan. Hayot va sog‘lik uchun xavf tug‘diruvchi holatlar aniqlangani munosabati bilan 7 ta xavfli ishlab chiqarish obyektida ishlar vaqtincha to‘xtatilgan.
Yer osti suvlaridan foydalanish sohasida ham tizimli nazorat ishlari olib borilmoqda. O‘tkazilgan o‘rganishlar davomida 129 ta holat tahlil qilinib, qonunchilik talablariga zid holatlar bo‘yicha belgilangan tartibda huquqni muhofaza qiluvchi organlarga yuborilgan.
Yig‘ilishda sohada raqamli transformatsiya jarayonlariga ham alohida e’tibor qaratildi. Xususan, inspeksiya faoliyatini raqamlashtirish maqsadida “YER-QA’RI NAZORAT” axborot tizimi ishlab chiqilayotgani ta’kidlandi. Mazkur tizim nazorat tadbirlarini elektron shaklda tashkil etish, inson omilini kamaytirish, ma’lumotlar shaffofligini ta’minlash hamda korrupsiya xavflarini qisqartirishga xizmat qilishi qayd etildi.
Muhokamalar davomida deputatlar sohada erishilayotgan natijalar bilan birga, ayrim masalalarga ham e’tibor qaratdilar. Xususan, noqonuniy qazish ishlariga qarshi kurashishni yanada kuchaytirish, yer qa’ridan foydalanish ustidan davlat nazorati ta’sirchanligini oshirish, sanoat xavfsizligi talablariga qat’iy rioya etilishini ta’minlash, raqamli texnologiyalarni keng joriy etish yuzasidan qator taklif va tavsiyalar bildirildi.
Shuningdek, aholi murojaatlari bilan ishlash tizimini takomillashtirish, xavfli ishlab chiqarish obyektlarida baxtsiz hodisalarning oldini olishga qaratilgan profilaktik chora-tadbirlarni kuchaytirish, sohada ochiqlik va jamoatchilik nazoratini kengaytirish masalalari ham muhokama markazida bo‘ldi.
Yig‘ilishda tog‘-kon sanoati va geologiya sohasida amalga oshirilayotgan ishlar ustidan parlament nazorati izchil davom ettirilishi ta’kidlanib, muhokama qilingan masalalar yuzasidan qo‘mitaning tegishli qarori qabul qilindi.









