Inspeksiya faoliyatida yangi bosqich: korrupsiyaga qarshi murosasiz va shaffof tizim
2026-06-24 17:10:00 / Yangiliklar

O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyev tomonidan 2026-yil 22-iyunda «O‘zbekiston Respublikasining ayrim qonun hujjatlariga korrupsiyaga qarshi kurashish samaradorligini oshirishga, korrupsiyaga oid jinoyatlar uchun javobgarlik muqarrarligini ta’minlashga qaratilgan qo‘shimcha va o‘zgartirishlar kiritish to‘g‘risida»gi O‘RQ-1155-sonli Qonun imzolandi. Mazkur hujjat bilan 3 ta kodeks va 5 ta qonunga o‘zgartirishlar kiritilib, korrupsiyaga qarshi kurashishning yagona va yaxlit tizimi yaratildi. Yangi mexanizmlar yer qa’ridan foydalanish hamda nazorat tadbirlarini amalga oshiruvchi Tog‘-kon sanoati va geologiya sohasini nazorat qilish inspeksiyasi faoliyatida qonuniylikni ta’minlashga xizmat qiladi.
Prezidentning ПQ-81-sonli qarori asosida yo‘lga qo‘yilgan reyting baholash tizimida Inspeksiyaning ko‘rsatkichlari tubdan o‘zgardi. Inspeksiya 2022-yil yakuni bo‘yicha 34 ball, 2023-yilda 21 ball va 2024-yilda 0 ball bilan «qoniqarsiz» baholanib kelayotgan edi. Biroq xalqaro standartlarni samarali joriy etish natijasida Inspeksiya 2025-yil yakunlariga kora 100 balldan 92 ball to‘pladi va faoliyat samaradorligi «a’lo» deb topildi. Ushbu muvaffaqiyat uchun Korrupsiyaga qarshi kurashish agentligi tomonidan 2026-yil 6-aprelda Inspeksiya xodimlariga minnatdorchilik xati berildi.
Yangi Qonunga muvofiq korrupsiyaviy jinoyat sodir etgan shaxslarning elektron reyestri yuritiladi. Ushbu reyestrdagi shaxslarga davlat xizmatiga kirish va davlat xaridlarida qatnashish taqiqlanishi Inspeksiya uchun ishonchli kadrlarni tanlash imkonini beradi. Inspeksiyaning komplens nazorat tuzilmalari tog‘-kon obyektlariga to‘sqinliksiz kirish, jarayonlarni kuzatish va huquqni muhofaza qiluvchi organlar bilan bevosita hamkorlik qilish vakolatiga ega bo‘ldi. Agar idoraning birinchi rahbarida korrupsiyaviy alomatlar aniqlansa, komplayens rahbari uning vakolatlarini vaqtincha to‘xtatish taklifini kiritishi mumkin.
Komplayens xodimlari xavfsizligini ta’minlash maqsadida ularga nisbatan jinoyat ishi qo‘zg‘atish yoki tintuv o‘tkazish faqat Bosh prokuror ruxsati bilan amalga oshiriladi. Bu daxlsizlik Inspeksiyaning korrupsiyaga qarshi kurashish siyosati, manfaatlar to‘qnashuvini boshqarish va xizmat tekshiruvlarini o‘tkazish kabi 10 ta ichki me’yoriy hujjatlarning hayotga qat’iy tatbiq etilishini kafolatlaydi. Korrupsiyaviy xavf-xatarlar xaritasi orqali esa konchilik obyektlaridagi kamchiliklar barvaqt aniqlanadi.
Ushbu natijalar nazorat tizimining kuchayishi yer qa’ri boyliklaridan noqonuniy foydalanish xavfini keskin kamaytirishini ko‘rsatadi. Qonuniylikning ta’minlanishi sohadagi iqtisodiy zararlarning oldini oladi va shaffoflik muhitini mustahkamlaydi. Bu esa tog‘-kon va geologiya tarmog‘iga xorijiy investorlar ishonchini oshirib, davlat nazorati samaradorligini yangi bosqichga olib chiqadi.


