Ohangaronda noqonuniy yer qa’ridan foydalanish holati aniqlandi: davlatga 299 million so‘mdan ortiq zarar yetkazilgan
2026-06-17 12:35:00 / Yangiliklar

Ohangaron tumanida joylashgan «B.B.B.» MCHJ rahbari T.T.T. maxsus ruxsatnoma (litsenziya)siz noqonuniy ravishda tuproq qazib olish va g‘isht ishlab chiqarish faoliyati bilan shug‘ullanganligi aniqlandi. Jinoyat ishlari bo‘yicha Ohangaron tuman sudi tomonidan mazkur holat ko‘rib chiqilib, qonunbuzarga nisbatan tegishli jazo choralari belgilandi. Ushbu holat yer qa’ri boyliklaridan o‘zboshimchalik bilan foydalanishning oldini olish va tabiatni muhofaza qilish yo‘nalishidagi nazorat tadbirlarining muhim natijasidir.
Sud tergovi materiallariga ko‘ra, jamiyat rahbariga tuman hokimining 2015-yil 17-noyabrdagi 840-sonli qarori bilan g‘isht zavodi qurish va tuproq qazib olish uchun 10,0 gektar yer maydoni ajratilgan. Biroq, T.T.T. O‘zbekiston Respublikasining “Yer osti boyliklari to‘g‘risida”gi Qonuni talablariga zid ravishda, maxsus litsenziyasiz 2019–2023-yillar davomida jami 30 017,42 metr kub tuproqni noqonuniy qazib olgan. Ushbu qilmish oqibatida davlat va jamiyat manfaatlariga 299 699 925 so‘m miqdorida iqtisodiy zarar yetkazilgan.
Bundan tashqari, soliq auditi va ekologik tekshiruvlar davomida korxona tomonidan yer qa’ridan foydalanganlik uchun 112 565,3 ming so‘m miqdoridagi soliqlar hisobotlarda yashirilib, byudjetga to‘lanmaganligi ma’lum bo‘ldi. Korxona hududida oqova suvlarni tabiatga oqizish, chang-gaz tozalash uskunalarini o‘rnatmaslik va suvdan maxsus foydalanish ruxsatnomasisiz ishlash kabi qator ekologik qonunbuzarliklar ham qayd etilgan. Sud hukmi bilan yetkazilgan moddiy zararlar to‘liq undirilishi ta’minlandi va T.T.T. O‘zbekiston Respublikasi Jinoyat kodeksining 192-11-moddasi 2-qismi va 229-moddasi bilan aybli deb topildi.
Ushbu sud hujjati yer qa’ridan foydalanish sohasida davlat nazorati tizimi qat’iy kuchayotganidan dalolat beradi. Noqonuniy tadbirkorlik faoliyatiga nisbatan ko‘rilayotgan choralar tabiiy resurslarning talon-toroj qilinishini cheklaydi. Qonuniylikning ta’minlanishi nafaqat atrof-muhitni muhofaza qiladi, bakal yashirin iqtisodiyotga barham berib, davlat byudjetiga tushumlarning to‘liq kelib tushishini kafolatlaydi.
Muallif: J. Bozorxonov, bosh yuriskonsult
