Bahouddin Naqshband MFY| Tomorqadan unumli foydalanish — farovonlik va daromad manbai!
2026-11-09 12:40:00 / Yangiliklar

Dilshod Bozorov joriy yilning iyul oyida o‘ziga tegishli 17 sotix yer maydonida issiqxona tashkil etib, unga 6 ming dona xaridorgir, ertapishar bodring ko‘chatlarini ekdi. Ko‘chatlarni agrotexnik talablar asosida parvarishlab, mavsum davomida oila a’zolari bilan birgalikda astoydil mehnat qildi. Bugungi kunda esa issiqxonada yetishtirilgan hosilni yig‘ib olish ishlari qizg‘in davom etmoqda.
“Oilam bilan birgalikda mavsum boshidan buyon issiqxonamizda astoydil mehnat qilib kelmoqdamiz. Bugun esa qilgan mehnatimiz samarasini ko‘rish arafasidamiz. Har bir ko‘chatdan 2–3 kilogrammgacha hosil olishni mo‘ljallaganmiz. Natijada 12 ming kilogrammdan ortiq bodring yig‘ib olib, xalqimiz dasturxoniga yetkazib berish niyatidamiz”, — deydi xonadon egasi Dilshod Bozorov.
Dilshod Bozorovning ushbu tashabbusi tomorqa yerlaridan oqilona foydalanish, oilaviy daromadni oshirish va aholi bandligini ta’minlash borasida ibratli tajribalardan hisoblanadi. Bunday mehnatsevar va tashabbuskor xonadonlar faoliyati tomorqachilikni rivojlantirish, oziq-ovqat mahsulotlari yetishtirish hajmini ko‘paytirish hamda qishloq aholisi farovonligini yuksaltirishda muhim ahamiyat kasb etadi.





