Kogon tumani hokimi Otabek Qazoqovning “Tibbiyot xodimlari kuni” munosabati bilan soha vakillariga bayram tabrigi!
2026-11-08 07:00:00 / Rahbariyatning bayonotlari va nutqlari

Avvalo, inson salomatligini asrash, hayotiga umid va ishonch bag‘ishlashdek ulug‘vor, sharafli va ayni paytda nihoyatda mas’uliyatli kasbni o‘z hayotining mazmuniga aylantirgan siz, azizlarni kasb bayramingiz — “Tibbiyot xodimlari kuni” bilan chin qalbimdan samimiy muborakbod etaman!
Barchamizga ma’lumki, 2006-yil 12-sentyabrda qabul qilingan “O‘zbekiston Respublikasi Tibbiyot xodimlari kunini belgilash to‘g‘risida”gi qonunga muvofiq, har yili noyabr oyining ikkinchi yakshanbasi mamlakatimizda tibbiyot sohasi vakillarining kasb bayrami sifatida keng nishonlanadi. Ushbu qutlug‘ sana xalqimiz salomatligi yo‘lida fidokorona mehnat qilayotgan, inson hayoti va sog‘lig‘ini eng oliy qadriyat deb biladigan ming-minglab tibbiyot xodimlarining mashaqqatli va sharafli xizmatiga yuksak ehtirom ifodasidir.
Hurmatli tibbiyot sohasi vakillari!
Bugungi kunda Muhtaram Prezidentimizning bevosita tashabbusi va rahnamoligida mamlakatimiz sog‘liqni saqlash tizimida keng ko‘lamli islohotlar amalga oshirilmoqda. Inson manfaatlarini ta’minlash, fuqarolar salomatligini mustahkamlash, tibbiy xizmat sifati va samaradorligini oshirish davlat siyosatining ustuvor yo‘nalishlaridan biri sifatida belgilangan.
Ushbu islohotlar zamirida, eng avvalo, inson qadri, uning hayoti va salomatligi, xalqimizning farovonligi hamda kelajagi mujassam. Tibbiyot muassasalarining moddiy-texnik bazasini mustahkamlash, zamonaviy diagnostika va davolash usullarini joriy etish, aholiga birlamchi tibbiy-sanitariya yordamini yanada yaqinlashtirish, malakali tibbiy xizmatdan foydalanish imkoniyatlarini kengaytirish borasida salmoqli ishlar amalga oshirilmoqda.
Bu boradagi islohotlar Kogon tumanida ham izchil davom ettirilmoqda. Tumanimizda sog‘liqni saqlash tizimini tubdan takomillashtirish, tibbiy xizmat ko‘rsatish sifatini yangi bosqichga olib chiqish, aholi uchun qulay va zamonaviy tibbiy xizmatlarni tashkil etishga alohida e’tibor qaratilmoqda. Jumladan, bir qator oilaviy shifokorlik punktlari rekonstruksiya qilinib, zamonaviy talablar asosida qayta jihozlandi. Bu esa aholiga o‘z hududida sifatli tibbiy xizmat ko‘rsatish, kasalliklarni barvaqt aniqlash va profilaktika ishlarini samarali tashkil etishda muhim ahamiyat kasb etmoqda.
Albatta, bu kabi yutuqlar va o‘zgarishlar zamirida sizlarning bilim va tajribangiz, fidoyiligingiz, tun-u kun demay olib borayotgan zahmatli mehnatingiz mujassam. Har bir bemorga mehr va e’tibor bilan munosabatda bo‘lish, inson dardiga malham topish, uning hayoti uchun kurashish — chinakam insonparvarlik va kasbga sadoqatning yorqin namunasidir.
Shifokorlik, hamshiralik va tibbiyotning boshqa yo‘nalishlarida faoliyat yuritayotgan har bir xodimning mehnati, o‘z kasbiga bo‘lgan mas’uliyati va fidoyiligi xalqimiz salomatligini asrash, sog‘lom avlodni voyaga yetkazish hamda jamiyatimiz taraqqiyotiga munosib hissa qo‘shishda beqiyos ahamiyatga ega.
Aziz va muhtaram tibbiyot xodimlari!
Sizlarning inson hayotini asrash yo‘lidagi olijanob faoliyatingiz, kasbingizga bo‘lgan sadoqatingiz va bemorlarga ko‘rsatayotgan mehr-muruvvatingiz har qanday e’tirofga munosib. Sizlar nafaqat shifo ulashuvchi mutaxassislar, balki insonlarga umid, ishonch va hayotga muhabbat bag‘ishlaydigan fidoyi insonlarsiz.
Fursatdan foydalanib, tumanimizda sog‘liqni saqlash tizimini rivojlantirish, aholi salomatligini mustahkamlash, tibbiy xizmat sifatini oshirish yo‘lida sidqidildan mehnat qilayotgan barcha shifokorlar, hamshiralar, farmatsevtlar va sohaning boshqa barcha xodimlariga chuqur minnatdorlik bildiraman.
Sizlarni qutlug‘ kasb bayramingiz bilan yana bir bor samimiy muborakbod etib, barchangizga mustahkam sog‘liq, uzoq umr, oilaviy baxt-saodat, xonadonlaringizga fayzu baraka, mas’uliyatli va sharafli faoliyatingizda ulkan muvaffaqiyatlar tilayman.
El-yurt salomatligi yo‘lida olib borayotgan ezgu ishlaringiz doimo samarali bo‘lsin! Mehnatingiz xalqimiz va davlatimiz tomonidan yuksak qadrlanib, hamisha el ardog‘ida, bemorlar duosida bo‘ling!
