Maktab pedagoglari bilan ochiq muloqot: muammolar va takliflar tinglandi!
2026-11-05 18:25:00 / Yangiliklar

Uchrashuv avvalida tuman hokimi tomonidan tumanda ta’lim sohasini rivojlantirish, o‘quvchilar uchun munosib shart-sharoitlar yaratish borasida amalga oshirilayotgan ishlar hamda kelgusidagi ustuvor vazifalar haqida ma’lumot berildi.
Shuningdek, ta’lim-tarbiya jarayonini sifatli va samarali tashkil etish, o‘quvchilarning bilim va ko‘nikmalarini zamon talablari asosida rivojlantirish, ularning xorijiy tillarni o‘rganishga bo‘lgan qiziqishini yanada oshirish masalalariga alohida e’tibor qaratildi. Shu bilan birga, yoshlarni kelgusida mehnat bozorida talab yuqori bo‘lgan, raqobatbardosh kasblarga yo‘naltirish muhimligi ta’kidlandi.
Uchrashuv davomida tuman hokimi maktab pedagog xodimlari bilan birma-bir muloqot qilib, ta’lim-tarbiya jarayonini yanada takomillashtirish, darslarni samarali tashkil etish hamda o‘quvchilar uchun zarur shart-sharoitlarni yaxshilash borasidagi fikr va takliflari bilan qiziqdi. Shuningdek, maktab faoliyatida mavjud muammolar, qo‘shimcha ehtiyojlar va ularni bartaraf etish yuzasidan bildirilgan murojaatlar tinglandi.
Mazkur uchrashuv ta’lim sifatini oshirish, pedagog xodimlarni qo‘llab-quvvatlash hamda maktablarda sog‘lom va samarali ta’lim muhitini yaratish borasidagi dolzarb masalalarni muhokama qilishga xizmat qildi.






