RASMIY MUNOSABAT
2026-10-30 09:00:00 / Rasmiy munosabat

“Behruz Feruz zamini” fermer xo‘jaligi va Kogon tumani hokimligi o‘rtasida 2022-yil 30-sentabr kuni 374770/123-22-sonli yer uchastkasini uzoq muddatli ijaraga berish (olish) shartnomasi tuzilgan bo‘lib, unga asosan fermer xo‘jaligiga 157 gektar yer maydoni 30 yil muddatga ijaraga berilgan.
Shundan so'ng, fermer xo‘jaligida yer ijara to‘lovlari bo‘yicha qarzdorlik yuzaga kelganligi sababli ushbu masala sud tartibida ko‘rib chiqilgan. Kogon tumanlararo iqtisodiy sudining 2024-yil 4-noyabrdagi hal qiluv qarori bilan qarzdorlikni undirish belgilangan.
Qarzdorlik o‘z vaqtida bartaraf etilmaganligi munosabati bilan Xalq deputatlari Kogon tumani Kengashining 2025-yil 5-fevraldagi sessiyasida shartnomani bekor qilish to‘g‘risida DKQ/10-25-sonli qaror qabul qilingan. Mazkur qaror asosida shartnomani muddatidan oldin bekor qilish yuzasidan sudga da’vo arizasi kiritilgan.
Kogon tumanlararo iqtisodiy sudining 2025-yil 22-maydagi hal qiluv qarori bilan shartnoma muddatidan oldin bekor qilingan. Biroq, Buxoro viloyati sudining iqtisodiy ishlar bo‘yicha sudlov hay’ati kassatsiya instansiyasining 2025-yil 14-avgustdagi qaroriga asosan ushbu hal qiluv qarori bekor qilinib, yer maydonlari “Behruz Feruz zamini” fermer xo‘jaligiga qaytarib berilgan.
Hozirgi kunda fermer xo‘jaligining yer maydonidan foydalanish huquqi sud qarorlariga muvofiq tiklangan bo‘lib, xo‘jalik auksion orqali qo‘lga kiritgan 157 gektar yer maydonida barqaror faoliyat yuritib kelmoqda.
Mazkur masala yuzasidan barcha holatlar qonunchilikda belgilangan tartibda ko‘rib chiqilganini hamda fermer xo‘jaligining yer maydonlaridan foydalanish huquqi sud qarorlariga muvofiq tiklanganini ma’lum qilamiz.
