"Bahouddin Naqshband" mahallasida “24/7” rejimidagi jamoat maskani hudud aholisining sevimli maskaniga aylanmoqda!
2026-10-07 14:30:00 / Rahbariyatning bayonotlari va nutqlari

Mazkur loyiha hudud infratuzilmasini rivojlantirish, aholi uchun qulay shart-sharoit yaratish, ayniqsa, sog‘lom turmush tarzini targ‘ib etishga qaratilgani bilan ham ahamiyatli.
Loyiha doirasida 60 sotixdan ortiq hudud obodonlashtirilib, turli yoshdagi fuqarolar ehtiyojidan kelib chiqib, zamonaviy infratuzilma yaratildi. Xususan, bolalar va o‘smirlar uchun zamonaviy o‘yin maydonchasi, yoshlar va sport ixlosmandlari uchun vorkaut maydonchasi, shuningdek, aholi hordiq chiqarishi uchun ayvonlar barpo etildi.
Qolaversa, maskan hududida o‘rindiqlar bilan jihozlangan zamonaviy favvoralar ham tashkil etilib, fuqarolarning dam olishi uchun estetik va shinam muhit yaratildi.
Ayniqsa, sog‘lom turmush tarzini qo‘llab-quvvatlash maqsadida umumiy uzunligi 600 metr bo‘lgan piyodalar va velosiped harakati uchun mo‘ljallangan salomatlik yo‘laklari hudud aholisi uchun ko'pdan kutilgan tuxfa bo'ldi.
Mazkur majmua aholiga kunning istalgan paytida qulaylik yaratish maqsadida “24/7” rejimida faoliyat yuritishga mo‘ljallangan. Qurilish ishlarida pudratchi — “Buxara gold new building” MCHJ ishchi va mutaxassislari tomonidan, belgilangan loyiha asosida amalga oshirildi.
Bir so‘z bilan aytganda, yangi maskanda yoshidan qat’i nazar, barcha mahalladoshlar sayr qilishi, oilaviy hordiq chiqarishi va sport bilan shug‘ullanishi uchun zarur sharoitlar yaratilgan bo'lib, loyihaning amalga oshirilishi natijasida hudud yanada ko‘rkam va obod qiyofa kasb etmoqda.








