"SARAYON" MAHALLASIDA AHOLI BANDLIGINI TA'MINLASH VA KAMBAG'ALLIKNI QISQARTIRISH MASALALARI MUHOKAMA QILINDI
2026-09-09 14:05:00 / Yangiliklar

Shu maqsadda Kogon tumani hokimi Otabek Qazoqov boshchiligidagi mas’ullar "Sarayon" mahallasida bo‘lib, mahalla yettiligi bilan uchrashdi. Muloqot davomida mahallada aholi bandligini ta’minlash, ishsizlikni kamaytirish, oilalar daromadini oshirish hamda kambag‘allikni qisqartirish borasida amalga oshirilayotgan ishlar atroflicha tahlil qilindi. Mavjud muammolar tahliliy muhokama qilinib, ularning yechimi yuzasidan aniq chora-tadbirlar belgilab olindi.
Ma’lumotlarga ko‘ra, bugungi kunda "Sarayon" mahallasida 823 ta xonadon va 1 115 ta oila mavjud bo‘lib, hududda 3 843 nafar aholi istiqomat qiladi. Ayni paytda mahalladagi 23 ta oila kambag‘allik reyestriga kiritilgan. Uchrashuv davomida mazkur oilalarning har biri bilan individual va manzilli ishlash, ularning muammolari hamda imkoniyatlarini chuqur o‘rganish, doimiy daromad manbalarini yaratish va bandligini ta’minlash orqali kambag‘allikdan chiqarish bo‘yicha aniq vazifalar belgilandi.
Bunda, avvalo, har bir oilaning imkoniyatidan kelib chiqib, ularni kasb-hunarga o‘qitish, mavjud bo‘sh ish o‘rinlariga joylashtirish, tadbirkorlik faoliyatiga jalb etish hamda daromad topish imkoniyatlarini kengaytirishga alohida e’tibor qaratish zarurligi ta’kidlandi.
Shuningdek mas’ullarga mehnat migratsiyasidagi fuqarolarni bosqichma-bosqich yurtga qaytarish, ularning kasb va malakasiga mos ish o‘rinlarini aniqlash, zarur hollarda tadbirkorlikka yo‘naltirish hamda oilalarining barqaror daromad manbaiga ega bo‘lishini ta’minlash bo‘yicha tegishli choralarni ko‘rish topshirildi.
Belgilangan chora-tadbirlarning ijrosi nazoratga olinib, har bir oila kesimida amaliy natijaga erishish ustuvor vazifa etib belgilandi.



