Kogonliklarga “Oʻzbekiston Respublikasi mustaqilligining 35 yilligi” esdalik nishonlari tantanali topshirildi
2026-08-27 12:30:00 / Yangiliklar

Bugun Kogon tumani hokimligi katta majlislar zalida O‘zbekiston Respublikasi Davlat mustaqilligining 35 yilligi munosabati bilan tantanali tadbir bo‘lib o‘tdi. Tadbir tuman hokimi Otabek Qazoqov boshchiligida soha vakillari, nuroniylar, faollar hamda turli jabhalarda samarali mehnat qilib kelayotgan tumandoshlar ishtirok etdi.
Tantanali tadbirda 92 nafar kogonliklarga “O‘zbekiston Respublikasi mustaqilligining 35 yilligi” esdalik nishoni tantanali ravishda topshirildi.
Tantanada so‘zga chiqqanlar barchani yurtimizning eng ulug‘ va eng aziz bayrami — O‘zbekiston Respublikasi Davlat mustaqilligining 35 yilligi bilan samimiy muborakbod etdilar.
Qayd etilganidek, O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining 2026-yil 25-iyundagi farmoniga asosan ta’sis etilgan mazkur esdalik nishoni mamlakatimiz mustaqilligini mustahkamlash, uning jahon miqyosidagi shon-shuhratini oshirish, Vatanimiz taraqqiyoti va xalqimiz farovonligini yuksaltirish, Yangi O‘zbekistonni barpo etishda jonbozlik ko‘rsatayotgan, islohotlarni amalga oshirishga munosib hissa qo‘shayotgan, faolligi va yuksak insoniy fazilatlari bilan boshqalarga namuna bo‘lib kelayotgan yurtdoshlarga berilmoqda.
Shu ma’noda, bugungi taqdirlov marosimida 92 nafar kogonlikning munosib mehnati va fidoyiligi e’tirof etildi. Esdalik nishonlari o‘z egalariga tantanali ravishda topshirilib, ularga ezgu tilaklar bildirildi.
Tadbir so'ngida samarali faoliyati, fidoyiligi ortidan barchaga na'muna bo'lib kelayotgan faollar so‘zga chiqib, yurtimizda tinchlik va osoyishtalik, xalqimiz hayotida farovonlik va bunyodkorlik muhiti qaror topayotganini alohida ta’kidladi. Vatan ravnaqi, yurt taraqqiyoti va kelajak avlod kamoli yo‘lida mehnat qilayotgan barcha yurtdoshlarga minnatdorlik bildirdi.
Tadbir davomida ishtirokchilar tomonidan mustaqillik yillarida erishilgan ulkan yutuqlar, yurtimizda amalga oshirilayotgan keng ko‘lamli islohotlar va inson qadrini ulug‘lashga qaratilgan ezgu ishlar alohida e’tirof etildi.
Tantanali marosim samimiy va ko‘tarinki ruhda o‘tdi. Unda yangragan ezgu tilaklar, samimiy tabriklar va yurtga bo‘lgan faxr tuyg‘ulari bayram shukuhini yanada oshirdi.








