Kogon tumanida bayram shukuhi| Yagona Vatan, yagona xalq bo‘lib, yangi hayot va kelajak yaratamiz!
2026-08-24 12:20:00 / Yangiliklar

Jumladan, Kogon tuman markaziy poliklinikasida bayramga munosib tayyorgarlik ko‘rish maqsadida muassasa hududi obodonlashtirilib, atrof-muhit tartibga keltirildi. Hudud Davlat bayrog‘i, milliy ramzlar va bayramona bezaklar bilan bezatilib, muassasaga o‘zgacha fayz va ko‘rkamlik baxsh etildi.
Mazkur ishlar, avvalo, tibbiyot xodimlari, bemorlar va tashrif buyuruvchilar uchun ozoda, qulay va ko‘tarinki muhit yaratishga qaratilgani bilan ahamiyatlidir. Zero, obod va fayzli muhit inson kayfiyatiga ijobiy ta’sir ko‘rsatib, yurtimizda amalga oshirilayotgan bunyodkorlik ishlarining amaliy ifodasiga aylanadi.
Ayni kunlarda yurtimiz bo‘ylab hukm surayotgan bayram shukuhi xalqimiz qalbida Vatanga muhabbat, milliy g‘urur va istiqlol ne’matlariga shukronalik tuyg‘ularini yanada mustahkamlamoqda. Kogon tumanida olib borilayotgan bunday ezgu tashabbuslar ham Mustaqillik bayramini yuksak ruhda kutib olishga xizmat qilmoqda.
Mustaqilligimizning 35 yilligi muborak bo‘lsin!






