Mustaqilligimizning 35 yilligi arafasida O‘ba-cho‘li mahallasi yanada obod va ko‘rkam qiyofa kasb etmoqda
2026-08-08 09:05:00 / Yangiliklar

Mustaqilligimizning 35 yilligi arafasida bu boradagi ishlar yanada jadallashib, ichki yo‘llarni ta’mirlash, muhandislik-kommunikatsiya tarmoqlarini yaxshilash, sug‘orish tizimini takomillashtirish va hududni obodonlashtirishga alohida e’tibor qaratilmoqda.
Xususan, O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining 2025-yil 8-oktabrdagi PQ-298-sonli qarori asosida “Tang‘it” qishlog‘ida “Buxoro mintaqaviy yo‘llarga buyurtmachi xizmati” davlat muassasasi tomonidan 1 100 metr uzunlikdagi ichki yo‘llar asfaltlashtirildi. Bu esa aholining xavfsiz va qulay harakatlanishi uchun muhim imkoniyat yaratdi.
Shuningdek, aholi salomatligini mustahkamlash va sog‘lom turmush tarzini targ‘ib etish maqsadida qariyb 1,2 kilometr uzunlikdagi salomatlik yo‘lakchasi barpo etilmoqda. Qolaversa sug‘orish tizimi samaradorligini oshirish maqsadida mahalladagi ariqlarning 3 kilometr qismi betonlashtirilmoqda. Natijada suv o‘tkazuvchanligi yaxshilanib, “obi hayot”ning behuda isrof bo‘lishi kamayadi, qishloq xo‘jaligi ekin maydonlarini barqaror suv bilan ta’minlash imkoniyati kengayadi.
“Mahallada obodlik va mehr-saxovat oyligi” doirasida ham hududda keng ko‘lamli hasharlar tashkil etilib, ko‘chalar, ariqlar, zovurlar, ko‘priklar va mahalla markazi atrofi obodonlashtirilmoqda. Daraxtlar oqlanib, shakllantirilmoqda, xonadonlar atrofi tartibga keltirilmoqda.
Amalga oshirilayotgan bu ezgu ishlar mahalla ahlining ham faol qo‘llab-quvvatlashi bilan yanada samarali tus olmoqda. Fuqarolar, ayniqsa, yo‘llarning yaxshilanayotgani, hududning obod va ko‘rkam qiyofa kasb etayotgani hamda yangi qulayliklar yaratilayotganidan mamnun.
O‘ba-cho‘li mahallasida amalga oshirilayotgan bunyodkorlik ishlari aholining turmush farovonligini oshirish, hududni yanada obod maskanga aylantirish va munosib yashash sharoitlarini yaratishga xizmat qilmoqda. Shu bois mahalla ahli Mustaqilligimizning 35 yilligini yangilanish va bunyodkorlik ruhi ostida, ko‘tarinki kayfiyat bilan kutib olishga hozirlik ko‘rmoqda.






