Kogon tumanida «Qishloq joylarni barqaror rivojlantirish” loyihasi doirasida keng ko'lamli bunyodkorlik ishlari amalga oshirilmoqda
2026-08-07 10:50:00 / Yangiliklar

Xususan, chekka hududlarning me’moriy qiyofasini tubdan yangilash, ularni kompleks rivojlantirish, yo‘l-transport infratuzilmasi, muhandislik-kommunikatsiya tarmoqlari va ijtimoiy soha obyektlarini barpo etish orqali aholining turmush darajasini oshirish maqsadida O‘zbekiston Respublikasi Iqtisodiyot va moliya vazirligi tomonidan Islom taraqqiyot banki hamda OPEK Xalqaro taraqqiyot jamg‘armasi ishtirokida “Qishloq joylarni barqaror rivojlantirish” loyihasi amalga oshirilmoqda.
Mazkur loyiha doirasida Kogon tumanining Kogon, Navro‘z va Mustaqillik, Bahouddin Naqshband, Sarayon hamda Beklar mahallalarida ijtimoiy soha obyektlari rivojlantirilmoqda. Jumladan, ta’lim muassasalari kapital ta'mirlanib, yangi o‘quv binolari bilan kengaytirilmoqda. Shuningdek oilaviy shifokorlik punktlari yangidan qurilmoqda, ichimlik suvi tarmoqlari tortilmoqda hamda piyodalar uchun zamonaviy yo‘laklar barpo etilmoqda.
Ta'kidlash joizki, Mustaqillik bayrami arafasida foydalanishga topshirilayotgan yangi obyektlar, rekonstruksiya qilinayotgan yo‘llar, obod mahallalar va zamonaviy infratuzilma inshootlari tumanimiz ahliga munosib bayram tuhfasi bo‘lmoqda.



