BAHOUDDIN NAQSHBAND MAHALLASIDA 24/7 REJIMDA FAOLIYAT YURITADIGAN ZAMONAVIY JAMOAT MASKANI BARPO ETILMOQDA
2026-08-06 14:35:00 / Yangiliklar

Ushbu ezgu tashabbus yurtimiz Mustaqilligining 35 yilligi arafasida mahalla aholisi uchun munosib tuhfa bo‘lmoqda. Loyiha doirasida umumiy maydoni 60 sotixdan ortiq hudud obodonlashtirilib, barcha yoshdagi fuqarolarning ehtiyojlarini inobatga olgan holda zamonaviy infratuzilma barpo etiladi. Jumladan, bolalarning xavfsiz va mazmunli hordiq chiqarishi uchun zamonaviy o‘yin maydonchasi, yoshlar hamda sport ixlosmandlari uchun esa ochiq osmon ostidagi vorkaut maydonchasi tashkil etiladi.
Shuningdek, maskan hududida maxsus o‘rindiqlar bilan jihozlangan zamonaviy favvoralar barpo etilib, fuqarolarning dam olishi uchun estetik va shinam muhit yaratiladi. Sog‘lom turmush tarzini qo‘llab-quvvatlash maqsadida umumiy uzunligi 600 metr bo‘lgan piyodalar va velosipedlar harakatlanishi uchun mo‘ljallangan salomatlik yo‘laklari quriladi. Mazkur majmua aholiga kunning istalgan vaqtida qulaylik yaratish maqsadida 24/7 rejimida faoliyat yuritishga mo‘ljallanmoqda.
Bu yerda dam olish, sport bilan shug‘ullanish, sayr qilish hamda oilaviy hordiq chiqarish uchun barcha zarur sharoitlar yaratiladi. Loyiha amalga oshirilishi natijasida mahalla yanada go'zal qiyofa kasb etishi barobarida, aholining bo‘sh vaqtini mazmunli tashkil etish, sog‘lom turmush tarzini rivojlantirishga ham munosib hissa qo'shadi.



