“Oygul Grand Chevar” xususiy korxonasi mehnat va tashabbus ortidan muvaffaqiyatga erishmoqda
2026-08-03 10:30:00 / Yangiliklar

Korxona rahbari Oygul Shodiqulovna Choriyeva uzoq yillar davomida yakka tartibda tikuvchilik bilan shug‘ullanib kelgan. U o‘z tajribasi va mehnati orqali tikuvchilikni nafaqat kasb, balki boshqalarga ham daromad manbai bo‘ladigan faoliyatga aylantirishni maqsad qilgan edi. 2023-yilda “Ayollar daftari” dasturi doirasida ajratilgan imtiyozli kredit hisobidan mahalladagi bo‘sh turgan bino ijaraga olinib, atigi ikkita tikuv mashinasi bilan kichik tikuv sexiga asos solindi. Dastlab to‘rt nafar xotin-qiz ish bilan ta’minlangan bo‘lsa, qisqa vaqt ichida faoliyat ko‘lami sezilarli darajada kengaydi.
Hozirgi kunda korxonada 20 nafar xotin-qiz doimiy ish o‘rniga ega. Ularning aksariyati ilgari ishsiz bo‘lib, “Ayollar daftari” ro‘yxatida turgan fuqarolar hisoblanadi. Korxonada nafaqat ishlab chiqarish yo‘lga qo‘yilgan, balki tikuvchilikka qiziqadigan yoshlarni kasbga o‘rgatishga ham alohida e’tibor qaratilmoqda. Ayni paytda besh nafar qiz tajribali ustozlar qo‘l ostida hunar sirlarini o‘rganmoqda.
Korxonada ishlab chiqarilayotgan mahsulotlar sifati qisqa vaqt ichida xaridorlar ishonchini qozondi. Bugungi kunda bu yerda sochiqlar, oshxona yopinchiqlari, kiyim-kechak, dastro‘molcha va boshqa tayyor tekstil mahsulotlari ishlab chiqarilmoqda. Mahsulotlar mahalliy bozor bilan bir qatorda Rossiya Federatsiyasiga ham eksport qilinmoqda. Jumladan, xorijiy hamkor buyurtmasiga asosan 80 ming dona dastro‘molcha yetkazib berilgani korxonaning ishlab chiqarish salohiyati va mahsulotlarga bo‘lgan talab ortib borayotganidan dalolat beradi.
Korxona faoliyati mahalladagi xotin-qizlarning turmush darajasini yaxshilashga ham sezilarli hissa qo‘shmoqda. Ishchilar o‘z yashash hududidan uzoqlashmagan holda mehnat qilib, oyiga o‘rtacha 2–3 million so‘m daromad topmoqda. Korxonaning oylik sof foydasi esa 15 million so‘mdan oshmoqda. Oygul Choriyevaning mehnati va qat’iyati bugungi kunda ko‘plab ayollar uchun o‘rnak bo‘lib xizmat qilmoqda.
Kichik tikuv sexi sifatida boshlangan faoliyat qisqa muddat ichida eksport qiluvchi korxonaga aylangani davlatimiz tomonidan yaratilayotgan imkoniyatlardan oqilona foydalanish, tinimsiz izlanish va fidokorona mehnatning yorqin samarasidir. Eng muhimi, bu korxona o‘nlab oilalarning barqaror daromad manbaiga aylanishi bilan birga, mahallada ayollar bandligini ta’minlash va ularning tadbirkorlik salohiyatini ro‘yobga chiqarishda muhim o‘rin egallamoqda.



