O'ba-cho'li MFY| Bakayevlar xonadoni imkoniyatlardan samarali foydalanib, yaxshigina daromadga ega bo'lmoqda!
2026-07-31 17:25:00 / Yangiliklar

Ayni kunda xonadon egalari “Har bir oila tadbirkor” dasturi doirasida hududdagi hokim yordamchisining amaliy ko‘magi bilan imtiyozli kredit olib, qo‘ziqorin yetishtirish faoliyatini yo‘lga qo‘yishgan. Hozirda ular qo‘ziqorinning bozorbop va serhosil “Vishenka” navini parvarish qilmoqda.
Xonadon egalarining ta’kidlashicha, ushbu yo‘nalishning eng katta afzalligi — hosilning qisqa muddatda yetilishi va parvarishining murakkab emasligidir. Atigi 40 kun ichida hosil olish mumkin bo‘lib, bir oyda 700 kilogrammgacha qo‘ziqorin yetishtiriladi. Bugungi kunda bozorlarda qo‘ziqorinning narxi o‘rtacha 30–35 ming so‘m atrofida ekanini hisobga olsak, ushbu faoliyat oilaga sezilarli daromad olib kelmoqda.
Eng muhimi, oila o‘z tajribasi bilan mahalladoshlariga ham o‘rnak bo‘lmoqda. Ular kichik maydondan samarali foydalanib, bo‘sh yer va imkoniyatni ishga solish orqali oilaviy tadbirkorlikni rivojlantirish mumkinligini amalda namoyon etmoqda.



