O'ba-Cho'li MFY| Gulnoza Bozorova uy xoʻjaligida bedana soni 3 ming boshga yetkazildi
2026-07-30 09:25:00 / Yangiliklar

U 2025-yilda o'z faoliyatini 500 bosh bedana parvarishi bilan boshlagan bo'lsa, qisqa vaqt ichida mehnatsevarligi va izlanishlari samarasida xo'jaligini yanada kengaytirishga erishdi. Hozirgi kunda uning parrandachilik xo'jaligida 3 ming bosh bedana parvarish qilinmoqda.
Gulnoza Bozorova bedanalarni zamonaviy inkubatorlar yordamida ko'paytirib, naslni o'z xo'jaligida yetishtirishni yo'lga qo'ygan. Bu esa ishlab chiqarish xarajatlarini kamaytirish, mahsulot hajmini oshirish hamda faoliyatni izchil rivojlantirishga xizmat qilmoqda.
Bugungi kunda xo'jalikda kuniga ming donadan ortiq bedana tuxumi olinmoqda. Yetishtirilayotgan mahsulotlar ichki bozor iste'molchilariga yetkazib berilib, sifatli va ekologik toza mahsulotlarga bo'lgan talabni qondirishga munosib hissa qo'shmoqda.
Tadbirkor kelgusida faoliyatini yanada kengaytirishni maqsad qilgan. Rejaga ko'ra, yaqin ikki-uch yil ichida bedanalar sonini 10 ming boshga yetkazish, ishlab chiqarish quvvatini oshirish hamda yangi ish o'rinlari yaratish ko'zda tutilgan. Bu esa nafaqat oilaviy daromadni oshirish, balki mahalladagi aholi bandligini ta'minlashga ham xizmat qiladi.



