“Alinoz Shergiron” fermer xo‘jaligi tomonidan olmaning bozorbop navlari yetishtirilmoqda
2026-07-24 14:55:00 / Yangiliklar

Hududdagi namunali xo‘jaliklardan biri Tun-Iroq mahallasida faoliyat yuritayotgan “Alinoz Shergiron” fermer xo‘jaligi hisoblanadi. Mazkur fermer xo‘jaligida 2021-yilda 6 gektar maydonda zamonaviy intensiv olma bog‘i barpo etilgan bo‘lib, unda olmaning serhosil va bozorbop “Super Golden” navi yetishtirilmoqda. Ushbu nav o‘zining yirik mevalari, yuqori ta’m sifati, uzoq muddat saqlanish xususiyati hamda xaridorlar orasidagi yuqori talab bilan ajralib turadi.
Xo‘jalikda bog‘ni parvarishlash ishlari agrotexnik talablar asosida muntazam olib borilib, sug‘orish, oziqlantirish, butash hamda o‘simliklarni himoya qilish tadbirlari belgilangan muddatlarda amalga oshirilmoqda. Ana shunday izchil mehnat va samarali agrotexnik tadbirlar natijasida bog‘ning hosildorligi yildan-yilga ortib bormoqda. Joriy yilda ushbu bog‘dan 10 tonnadan ortiq sifatli va eksportbop olma hosili olish rejalashtirilgan.
Bog‘larda mo‘l va sifatli hosil yetishtirishda o‘simliklarni kasallik va zararkunandalardan ishonchli himoya qilish muhim omillardan biri hisoblanadi. Shu maqsadda O‘simliklar karantini va himoyasi agentligining Kogon tuman bo‘limi hamda Agrosanoatni rivojlantirish agentligining tuman bo‘limi mutaxassislari tomonidan muntazam monitoring ishlari olib borilib, zararkunanda va kasalliklarga qarshi kurashish, profilaktik tadbirlarni o‘z vaqtida amalga oshirish hamda agrotexnik jarayonlarni to‘g‘ri tashkil etish yuzasidan amaliy tavsiyalar va uslubiy ko‘rsatmalar berib kelinmoqda.
Bunday hamkorlik va tizimli yondashuv natijasida fermer xo‘jaligida mevali bog‘larning fitosanitar holati barqaror saqlanib, hosildorlikni oshirish, mahsulot sifatini yaxshilash hamda bog‘dorchilikni yanada rivojlantirish bo‘yicha ijobiy natijalarga erishilmoqda. Bu kabi ilg‘or tajribalar Kogon tumanida bog‘dorchilik sohasini izchil rivojlantirish, oziq-ovqat xavfsizligini mustahkamlash hamda aholini sifatli qishloq xo‘jaligi mahsulotlari bilan ta’minlashda muhim ahamiyat kasb etmoqda.



