Taraqqiyot MFY| Tomorqa imkoniyatidan samarali foydalanayotgan Hamida Rahmatova mahalladoshlariga o'rnak bo'lmoqda!
2026-07-15 10:50:00 / Yangiliklar

Mazkur ezgu tashabbuslar Kogon tumanida ham izchil davom ettirilmoqda. Tumanning Taraqqiyot mahallasi Breshim qishlog‘ida istiqomat qiluvchi Hamida Rahmatova ana shunday namunali tomorqa egalaridan biridir. U o‘z tomorqasidan samarali foydalanib, nafaqat oilasining farovonligini ta’minlab kelmoqda, balki mehnatsevarligi va tashabbuskorligi bilan mahalladoshlari uchun ham munosib o‘rnak bo‘lib xizmat qilmoqda.
Hamida Rahmatova joriy yilning erta bahor mavsumida 4 sotix tomorqa maydonida zamonaviy issiqxona tashkil etib, unda pomidorning serhosil navlarini yetishtirishni yo‘lga qo‘ydi. Yetishtirish jarayonida barcha agrotexnik tadbirlar o‘z vaqtida va belgilangan talablar asosida amalga oshirilgani natijasida mo‘l hosil olinishiga erishildi.
Bugungi kunga kelib, issiqxonadan 5 tonnadan ortiq sifatli pomidor hosili yig‘ib olindi. Yetishtirilgan mahsulotlar ichki bozorga yetkazib berilib, aholini sifatli va yangi qishloq xo‘jaligi mahsulotlari bilan ta’minlashga munosib hissa qo‘shmoqda. Eng muhimi, bir mavsumning o‘zida xonadon 20 million so‘mdan ortiq daromad olishga muvaffaq bo‘ldi.
Hamida Rahmatovaning ta’kidlashicha, tomorqa yeridan unumli foydalanish, mehnatni to‘g‘ri tashkil etish va agrotexnik talablarga qat’iy amal qilish yuqori natijalarning asosiy omili hisoblanadi.
— Erta bahorda issiqxonamizda pomidorning serhosil navlarini ekdik. Parvarish ishlarini o‘z vaqtida va talab darajasida olib bordik. Bugungi kunda 5 tonnadan ortiq hosil yetishtirib, uni xalqimiz dasturxoniga yetkazib bermoqdamiz. Birgina shu mavsumning o‘zida 20 million so‘mdan ziyod daromad oldik. Albatta, inson sidqidildan mehnat qilsa, uning samarasi albatta bo‘ladi, — deydi Hamida Rahmatova.
Bunday ilg‘or va namunali tomorqa egalari faoliyati aholining tomorqa yerlaridan oqilona foydalanish madaniyatini yanada yuksaltirish, bandlikni ta’minlash hamda oilalar daromadini oshirishda muhim ahamiyat kasb etmoqda. Shu bilan birga, ular yurtimizda oziq-ovqat xavfsizligini ta’minlash va ichki bozorni sifatli qishloq xo‘jaligi mahsulotlari bilan uzluksiz ta’minlashga munosib hissa qo‘shmoqda.



