Kogon mahallasida 10-umumta'lim maktabi rekonstruksiya qilinib, 26-sonli oilaviy poliklinika binosi yangidan qurilmoqda
2026-07-13 10:50:00 / Yangiliklar

Jumladan, Kogon tumanida Kogon, Navro‘z, Mustaqillik, Beklar, Sarayon, Bahouddin Naqshband hamda Nurafshon mahallalarida ijtimoiy soha inshootlarini qayta qurish va kapital rekonstruksiya qilishga doir loyihalar ro‘yobga chiqarilmoqda.
Shunga asosan, hududdagi ta’lim muassasalari yangi o‘quv binolari bilan kengaytirilmoqda, oilaviy shifokorlik punktlari yangidan qurilmoqda va natijada aholi uchun bir qancha qulayliklar, zamonaviy shart-sharoitlar yaratilmoqda.
Keng ko‘lamdagi mazkur loyihalar qatorida “Kogon” mahalla fuqarolar yig‘inidagi 26-sonli oilaviy poliklinika qayta qurilishi ham o‘rin olgan. Bir kunda 100 nafargacha fuqaroni qabul qilish imkoniga ega bo‘ladigan, ikki qavatli mazkur inshoot “Qishloqqurilishloyiha” MChJ loyihasi asosida pudratchi subyekt, “Mirransol kapital stroy invest” MChJ binokorlari tomonidan olib borilmoqda. Zarur shart-sharoit va tibbiy uskunalariga ega bo‘ladigan, o‘ndan ortiq tibbiyot xodimi bandligi ta’minlanadigan inshoot qurilishi mamlakatimiz Mustaqilligi bayrami oldidan to‘liq bitkazilib, kogonliklarga sifatli tibbiy xizmat ko‘rsatish uchun foydalanishga topshirilishi kutilmoqda.
Shu bilan birga loyiha doirasida qariyb 10 mlrd so‘m mablag‘ evaziga hududda joylashgan 10-umumta'lim maktabining 240 o‘rinli binosini rekonstruksiya qilish va qo‘shimcha 330 o‘rinli yangi bino qurish reja qilingan bo'lib, hozirda bu yerda “Ziyo Shahriyor qurilish” MCHJ tomonidan qurilish ishlari olib borilmoqda.





