Taraqqiyot MFY| Abdullayevlar xonadonida ham tomorqadan unumli foydalanish orqali mo‘l hosil va barqaror daromadga erishilmoqda!
2026-07-11 14:50:00 / Yangiliklar

Ana shunday ilg‘or tomorqa egalaridan biri Kogon tumanining Taraqqiyot mahallasi Breshim qishlog‘ida istiqomat qiluvchi G‘afur Abdullayevdir. U o‘z xonadoni hududidagi 9 sotix yer maydonida zamonaviy issiqxona tashkil etib, uning 3 sotixida bodring, qolgan 6 sotixida esa pomidorning serhosil navlarini parvarish qilmoqda.
Ayni kunlarda issiqxonada mavsum davomida yetishtirilgan pishib yetilgan hosilni yig‘ib-terib olish ishlari qizg‘in davom etmoqda. Tomorqa egasining ta’kidlashicha, ekilgan navlar kuchli ildiz tizimi va baquvvat poyaga ega bo‘lib, haroratning keskin o‘zgarishlariga nisbatan yuqori chidamliligi bilan ajralib turadi. Agrotexnik tadbirlarning o‘z vaqtida va sifatli amalga oshirilgani natijasida issiqxonada yuqori hosildorlikka erishildi.
Hozirga qadar issiqxonadan 4 tonna pomidor hamda qariyb 10 tonna bodring hosili olinib, iste'molchilarga yetkazib berildi. Xonadon egalari hisob-kitoblariga ko‘ra, yetishtirilgan mahsulotlarni bozor narxlarida realizatsiya qilish natijasida 40 million so‘mdan ortiq daromad olish kutilmoqda.
Ta'kidlash o'rinliki mazkur natijalar tumanda tomorqa yerlaridan samarali foydalanish, aholi bandligini ta’minlash, oilaviy daromadlarni oshirish hamda oziq-ovqat xavfsizligini mustahkamlash borasida amalga oshirilayotgan chora-tadbirlarning amaliy samarasini yaqqol namoyon etmoqda.



