Kogon tumani yanada obod va fayzli qiyofa kasb etmoqda
2026-05-31 14:30:00 / Yangiliklar

Ayni kunlarda tumanning markaziy ko‘chalari, mahalla va aholi yashash hududlari, jamoat maskanlari hamda yashil maydonlarda sanitariya holatini yaxshilash, atrof-muhit musaffoligini ta’minlash borasida amaliy ishlar jadallik bilan davom etmoqda. Xususan, yo‘l bo‘ylari, ariqlar va piyodalar yo‘laklari atrofida tozalash ishlari olib borilib, yig‘ilgan chiqindilar maxsus texnikalar yordamida olib chiqilmoqda.
Shuningdek, hududlardagi daraxt va manzarali butalarga shakl berish, ularning atroflarini tartibga keltirish hamda ko‘cha chetlari va jamoat joylarining estetik ko‘rinishini yaxshilash maqsadida bo‘yash va pardozlash ishlari ham amalga oshirilmoqda. Begona o‘tlarni bartaraf etish, yashil hududlarni parvarishlash va obodonlashtirish ishlari tuman qiyofasini yanada chiroyli va fayzli ko‘rinishga keltirmoqda.
Mazkur keng ko‘lamli sa’y-harakatlar aholiga munosib turmush sharoiti yaratish, sanitariya va ekologik osoyishtalikni ta’minlash hamda bayramni ko‘tarinki ruhda kutib olishga xizmat qilmoqda. Obod va ozoda hudud — bu yurtga bo‘lgan e’tibor va xalq manfaatiga qaratilgan amaliy ishlarning yaqqol ifodasidir.




