Kogon tumanida “Bitiruv kuni” munosabati bilan yoshlar uchun unutilmas bayram tadbiri tashkil etildi
2026-05-25 22:50:00 / Yangiliklar

Bayram tadbirida Kogon tuman hokimi Otabek Qazoqov ishtirok etib, umumta’lim maktablarini muvaffaqiyatli tamomlayotgan bitiruvchilarni samimiy muborakbod etdi. O‘z nutqida tuman hokimi yoshlarning kelajakdagi orzu-intilishlari, yurt ravnaqi yo‘lidagi intellektual salohiyati hamda Vatanga sadoqat ruhida kamol topayotganini alohida ta’kidlab, ularga ulkan zafarlar, omad va muvaffaqiyatlar tiladi.
Shuningdek, tadbir davomida o‘quv yili mobaynida a’lo baholarga o‘qigan, maktab va jamoat ishlarida faol ishtirok etgan, fan olimpiadalari, turli ko‘rik-tanlovlar hamda sport musobaqalarida yuqori natijalarga erishgan iqtidorli o‘quvchilar va ularning ota-onalari tashakkurnomalar hamda esdalik sovg‘alari bilan taqdirlandilar. Bu esa yoshlarni yanada faol bo‘lishga, bilim olish va yuksak marralarni zabt etishga undovchi muhim rag‘bat bo‘ldi.
Tadbirning badiiy qismi esa ko‘tarinki ruhda davom etdi. Tuman madaniyat bo‘limi san’atkorlari, iste’dodli yoshlar hamda havaskor ijodkorlar tomonidan tayyorlangan konsert dasturlari, zamonaviy shou chiqishlari va kuy-qo‘shiqlar yig‘ilganlarga bayramona kayfiyat ulashdi. Ayniqsa, bitiruv oqshomiga mos kuy va qo‘shiqlar yoshlarning qalbida unutilmas taassurot qoldirdi.
Tantanali oqshom yakunida osmon uzra taralgan bayramona mushakbozlik va salyutlar tadbirga yanada fayz bag‘ishlab, yig‘ilganlarga ko‘tarinki ruh va quvonch ulashdi.
Mazkur bayram tadbiri Kogon tumanida yosh avlodga bo‘lgan yuksak e’tibor, ularning ta’lim-tarbiyasi, ma’naviy kamoloti va kelajagiga qaratilayotgan g‘amxo‘rlikning yana bir amaliy ifodasi bo‘ldi.









