Jumagul Tosheva samarali mehnati ortidan xonadoniga qut-baraka olib kirmoqda!
2026-05-21 13:25:00 / Yangiliklar

Bugungi kunda xonadonda issiqxona tashkil qilinib, 2 sotix maydonda pomidor hamda 1 sotix yerda bodring yetishtirilmoqda. Har bir niholga mehr bilan qaralib, agrotexnik tadbirlar o‘z vaqtida va talab darajasida amalga oshirilayotgani bois ekinlar serhosil bo‘lib o‘smoqda. Issiqxonadagi yumushlarda oila a’zolarining barchasi birdek ishtirok etadi. Ana shunday ahillik va mehnatsevarlik tufayli mo‘jazgina tomorqadan ham katta daromad olish mumkinligini ushbu oila amalda namoyon etmoqda.
— Issiqxonamizda oilamiz bilan birgalikda mehnat qilamiz. Har bir ishni vaqtida bajarishga harakat qilamiz. Pomidor va bodring parvarishida agrotexnik tadbirlarni to‘g‘ri tashkil etish hosildorlikka katta ta’sir ko‘rsatadi. Hozirda tomorqamizdan qariyb 700 kilogramm hosil olishni kutayapmiz. Nasib etsa, undan tushadigan daromad orqali xonadonimizning ehtiyojlarini qoplaymiz, farzandlarimiz kamolini ko‘ramiz, — deydi Jumagul opa samimiy mamnuniyat bilan.
Shuningdek, xonadonda chorvachilik ham asosiy daromad manbalaridan biri sanaladi. Hozirda xonadonda 5 bosh qoramol parvarish qilmoqda. Ayniqsa, 2025-yilda xarid qilingan 2 bosh shved zotli sigir oila daromadini yanada oshirishga xizmat qilmoqda. Sermahsul ushbu zotdagi sigirlar bugungi kunda kuniga qariyb 50 litr sut bermoqda. Bu esa nafaqat oilaning ehtiyojini qondirish, balki qo‘shimcha daromad topish imkonini ham yaratmoqda.
Jumagul Toshevaning hayot yo‘li va mehnati bugun tomorqadan samarali foydalanish, oilaviy tadbirkorlikni rivojlantirish hamda qishloq xo‘jaligida ayollar faolligini oshirish borasida ibrat bo‘lib xizmat qilmoqda. Halol mehnat, sabr va intilish bilan har qanday xonadonda fayz-u baraka yaratish mumkinligini ana shunday mehnatkash insonlar faoliyati yana bir bor tasdiqlaydi.



