KOGON TUMANIDA CHIGIT EKISH ISHLARI UYUSHQOQLIK BILAN AMALGA OSHIRILMOQDA
2026-04-17 18:50:00 / Yangiliklar

Ma’lumki, bahor faslining har bir kuni dehqon uchun nihoyatda muhim bo‘lib, agrotexnik tadbirlarni o‘z vaqtida va sifatli amalga oshirish kelgusida mo‘l hosil olishning asosiy omillaridan biri hisoblanadi. Shu bois, hududda ekin ishlarini belgilangan muddatlarda va talab darajasida olib borishga alohida e’tibor qaratilmoqda.
Joriy yilda Kogon tumanida faoliyat yuritayotgan 220 ta paxtachilikka ixtisoslashgan fermer xo‘jaliklari tomonidan jami 6 ming 400 gektar maydonga paxta xom ashyosi yetishtirish rejalashtirilgan. Ayni paytda fermer xo‘jaliklari tomonidan yerlarni chigit ekishga tayyorlash hamda ekish ishlari jadal sur’atlarda olib borilmoqda.
Mazkur jarayonlarni samarali tashkil etish maqsadida tuman bo‘yicha 20 dan ortiq zamonaviy ekish texnikalari jalb etilgan bo‘lib, ular yordamida chigit qadash ishlari sifatli va qisqa muddatlarda amalga oshirilmoqda.
Shuningdek, mutaxassislar tomonidan chigitni plonka ostida va ochiq maydonlarda ekishning agrotexnik talablari va me’yorlariga qat’iy rioya etilishi, texnikalarning soz holatda ishlashi hamda nihollarning bir tekis unib chiqishini ta’minlash masalalari doimiy nazoratga olingan.
Kogonlik mirishkorlar joriy mavsumda ham o‘tgan yilga nisbatan yuqori natijalarga erishish, salmoqli “oq oltin” xirmonini barpo etish yo‘lida fidoyilik bilan mehnat qilmoqdalar.



